O‘zbekiston | 11:00 / 28.02.2019
8379
2 daqiqa o‘qiladi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev: qishloq aholisi muammolarini hal etishga jiddiy yondashuv bo‘lmagan

Qishloq ahlini qiynayotgan muhim muammolarni kompleks hal etishga jiddiy yondashuv bo‘lmagan, deb fikr bildirdi Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

28 fevral kuni o‘z ishini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVIII-yalpi majlisida Senat raisi qishloq joylarda aholining turmush sharoiti talab darajasida emasligini aytib, bu holatga, qisman, parlament vakillarini ham aybdor qildi.

«Biz aholining asosiy qismi qishloq joylarda istiqomat qilishi bois, qishloq ahli to‘q va farovon yashasa, bu jihat butun mamlakat taraqqiyotining ko‘zgusi bo‘lishi haqida ko‘p yillar gapirib keldik. Biroq, tan olish kerak, qishloq ahlini qiynayotgan muhim muammolarni kompleks hal etishga jiddiy yondashmadik», - deya raisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan keyingina, rasmiylar qishloq aholisi qanday og‘ir sharoitlarda kun kechirayotganiga yana bir karra amin bo‘ldi.

«Bunday sharoitni tubdan yaxshilashga qaratilgan, aniq rejalar va moliyaviy manbalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar esa, qishloq ahli turmushida tom ma'nodagi inqilobiy o‘zgarishlarni boshlab berdi», - deb qo‘shimcha qildi u.

Ma'lum qilinishicha, 2018 yilning o‘zida 3 trln. so‘mlik mablag‘ evaziga 420ga yaqin qishloq yangicha qiyofaga kirgan.

Mavzuga oid