Qarshi tumanida yashovchi Iroda Botirova Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, ikki yildan buyon tadbirkorlik faoliyatini boshlashda to‘sqinlikka uchrayotganini, hech kim ularga yordam qo‘lini cho‘zmayotganini bildirdi.

Aslida hammasi juda oddiy: 2015 yil 7 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (2018 yil 3 iyuldan o‘z kuchini yo‘qotgan — kimoshdi savdolari MIB qoshidagi onlayn-auksionga topshirilgan) e'lon qilingandi. Ana shu qaror asosida 2016 yil 26 dekabrda Qarshi tumanidagi bir qator obektlar qatorida «Chaman» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, o‘lchami 30×70 metr bo‘lgan 2100 kvadrat metr yer maydoni tanlovga qo‘yiladi. Tabiiyki, tanlov barcha tadbirkorlar uchun ochiq. Kimning taklifi yaxshiroq bo‘lsa — o‘sha g‘olib.

Xo‘sh, kimning taklifi yaxshiroq?

Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi uchun minimal talablar e'lon qilinadi, ya'ni uning boshlang‘ich narxi — 1.756.500 so‘m, qurilish muddati 3 yil, yaratilishi lozim bo‘lgan eng kam ishchi o‘rni 5ta, kiritilishi lozim bo‘lgan investitsiya miqdori 100 million so‘m.

Tanlovda uch kishi ishtirok etadi. Ulardan biri — Iroda Botirova, u 15 ish o‘rni yaratish uchun 600 million so‘m investitsiya kiritish taklifini beradi. Tanlovga qo‘yilgan yer maydoni uchun taklif esa 15 million so‘m.

Yana bir ishtirokchi — Qodirov Sardor O‘ktamovich (bu nomni eslab qoling!) 5ta ish o‘rni yaratish, investitsiya kiritish uchun 100 million so‘m, yer uchun 1,8 million so‘m taklif kiritib, 31 ball olgan bo‘lsa, uchinchi ishtirokchi — Boboqulova Nilufar O‘ktamovna 15ta ish o‘rni yaratish, investitsiya uchun 250 million so‘m, yer uchun esa 2,42 million so‘m taklif berib, 53 ball oladi.