O‘zbekiston | 16:28 / 01.03.2019
9583
4 daqiqa o‘qiladi

Avstriyaning 30 ga yaqin kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

Avstriyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning turli sektorlarida hamkorlikni faollashtirishga qiziqish bildirmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston va Avstriya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Avstriyaning Qozog‘istondagi elchisining savdo ishlari bo‘yicha maslahatchisi Rudolf Taler Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi.

Rudolf Taler

8-9 aprel kunlari 26 kompaniyadan iborat Avstriya biznes-delegatsiyasi Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan VAMED, Bersch-Laska, AndritzHydro, Diehl Metering, Frauscher, SKIDATA, Waagner-Biro kabi iqtisodiyotning turli sektorlari (qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport, gidroenergetika, paxtani qayta ishlash va b.) vakillari o‘rin olgan. Avstriyaning Qozog‘istondagi elchixonasi savdo maslahatchisi hamda Advantage Austria'ning Olmaotadagi ofisi rahbari Rudolf Taler O‘zbekistonning ishbilarmon doiralarini uchrashuvlarda faol ishtirok etishga chorlaydi.

"Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Bu Avstriya kompaniyalari uchun ham, O‘zbekiston kompaniyalari uchun ham iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Masalan, infratuzilmani modernizatsiyalash, neft va gaz, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va h.k. Hozirning o‘zidanoq mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmining oshishini kuzatish mumkin. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, Avstriyaning O‘zbekistonga eksporti hajmi 108 million AQSh dollarini tashkil qildi, 2017 yilda esa bu ko‘rsatkich 50 million dollar atrofida bo‘lgan", - deydi u.

Rudolf Talerning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ayni damda O‘zbekistonda Avstriyaning 30 kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilda Qozog‘istondagi Avstriya elchixonasining Savdo bo‘limi va Advantage Austria ilk marta Markaziy Osiyoda noyob loyihalarni amalga oshirgan Avstriya kompaniyalariga Silk Road Biz Award 2019 mukofotini topshiradi. O‘zbekistondagi Avstriya kompaniyalari orasida Zalsburgning Oberhofer Stahlbau kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Oberhofer Stahlbau kompaniyasi Toshkentdagi muz arenasi uchun Markaziy Osiyodagi eng katta po‘lat tuzilmaga buyurtma oldi. Bundan tashqari, kompaniya Kongress-xoll uchun po‘lat gumbaz va poytaxtdagi futbol maydoni uchun po‘lat konstruksiyani yetkazib berdi. Shuningdek, Qozog‘istondagi kinoteatrlar intereri jihozi bilan shug‘ullanuvchi Avstriyaning Kogler hamda Markaziy Osiyodagi eng yirik Nurek GESi modernizatsiyasini amalga oshirayotgan AndritzHydro kompaniyasiga Silk Road Biz Award 2019 sovrindori bo‘lish nasib etdi.

"Silk Road Biz Award tanlovi tufayli Avstriya kompaniyalarining Markaziy Osiyo bozorlaridagi ilg‘or yutuqlari haqida ma'lum bo‘ldi va bugungi kunda ular OAV diqqat markazida. Avstriya kompaniyalari Markaziy Osiyoda juda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, shu bois bu tajriba haqida so‘zlash o‘rinli", - dedi Rudolf Taler.

Advantage Austria'ning Olmaota shahridagi ofisi Markaziy Osiyoning besh mamlakati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston bo‘yicha ishlaydi.

Aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar va ularda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha Advantage Austria'ning Olmaotadagi elektron manzili Almaty@advantageaustria.org hamda 7 727 22 51 484 telefoni orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid