Senat XVIII-yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan «Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat normalarni qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-son konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida»gi masalani ma'qulladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
«Konvensiyani ratifikatsiya qilish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da - «Xavfsiz va himoyalangan mehnat» tadbirlar dasturida nazarda tutilgandi», – deydi senator Alisher Kurmanov.
Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ham Kun.uzʼga aytib bergandi.
Ushbu konvensiya Xalqaro mehnat tashkilotining 1976 yildagi Bosh Konferensiyasida qabul qilingan.
Konvensiyaga ishtirokchi bo‘lgan davlatlar tashkilotga mazkur konvensiya bo‘yicha o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarni amalga oshirish uchun qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma'ruzani taqdim etadi.
Ushbu konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi:
birinchidan, mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi samaradorligini oshiradi, eng muhimi, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarida ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qiladi;
ikkinchidan, mamlakatimizda ishchilarning hamda ish beruvchilarning huquq va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishga imkoniyat yaratadi;
uchinchidan, mehnat va bandlikni ta'minlash sohasida milliy qonunchiligimizni takomillashtirishga zamin yaratadi.
O‘zbekiston 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining to‘la huquqli a'zosidir. Bugungi kunga qadar tashkilotning 14 konvensiyasi, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi ratifikatsiya qilingan.
















