Kun.uz'da avtobus haydovchisi va konduktor yo‘l haqi to‘lamagan pensioner ayolni avtobusdan haydab chiqargani haqida xabar e'lon qilingandi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu vaziyat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan shoshilinch tarzda komissiya tuzilib, yo‘nalishga chiqib, holat o‘rganildi.
«Haydovchi va chiptachidan bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan tushuntirish xati olindi.
Ma'lum bo‘lishicha haydovchi Sanyan Aleksandr 32 yildan buyon sohada mehnat qiladi. Uning ko‘p yillik fidokorona mehnati jamiyat tomonidan munosib rag‘batlantirilgan. Ya'ni «Mehnat faxriysi», «Mohir haydovchi», «Faxriy xodim» unvonlariga sazovor bo‘lgan.
Chiptachi Jamshid Nuriddinov esa 2017 yildan buyon faoliyat yuritib keladi.
Ammo bu ularning yo‘lovchilarga nisbatan bunday tarzda muomalada bo‘lish huquqini bermaydi. Albatta, haydovchi va chiptachi kasb odobiga rioya etmagani, muomala madaniyatini buzganligi, yo‘lovchiga qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun to‘la aybdor», — deyiladi «Toshshahartransxizmat» rasmiy munosabatida.
Kun.uz'ga ma'lum qilinishicha, haydovchi va konduktorga nisbatan, ichki tartib qoidalaridan kelib chiqib, intizomiy jazo belgilandi. Haydovchi va chiptachiga nisbatan xayfsan e'lon qilindi. Bu esa korxona tomonidan ularga to‘lanadigan mukofot pullari va qo‘shimcha rag‘batlantirishlarga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatishi mumkin.
«Biroq 8-avtobus saroyiga qarashli «51-Yunusobod 6-mavze — Beshyog‘och mavzesi» yo‘nalishida qatnovchi avtobus haydovchisi Sanyan Aleksandr, chiptachi Jamshid Nuriddinovlarning tushuntirishicha keksa ayol o‘zi aytganidek birinchi marta emas, balki bir necha marta avtobusda bepul yurgan.
Ayolning iddao qilishicha u tekinga avtobusdan foydalanishi lozim bo‘lgan. Ammo bunga hech qanday huquqiy asos mavjud emas.
Shu bois haydovchi va chiptachi uni avtobusdan tushirib yuborgan», — deyiladi axborotda.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi 1996 yil 30 avgustdagi qonuniga asosan shahar yo‘lovchi transportida (avtobusda) bepul yurish (taksidan tashqari) huquqi faqat quyidagi toifadagi fuqarolarga berilgan:















