Jamiyat | 15:53 / 01.03.2019
5882
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Muhammadiyev: Ombudsmanga eng ko‘p murojaat inson haq-huquq va erkinliklari yuzasidan bildirilgan

Foto: KUN.UZ

2018 yil davomida Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsman)​ O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va Ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10 832 ta (2017 yilda – 9 074 ta) murojaat kelib tushgan. Bu haqda vakil Ulug‘bek Muhammadiyev Senatda ma'lum qildi. 

1 mart kuni Senatning XVIII-yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Senatorlar kun tartibidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tinglashdi.

«Shundan, shaxsiy qabulda 1 781 ta, sayyor qabullarda 74 ta, pochta va telegraf aloqasi orqali 5 386 ta, «Ishonch telefoni»​ orqali 1 436 ta, Ombudsmanning Virtual qabulxonasi orqali 1 490 ta, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 94 ta va www.pm.gov.uz internet portali orqali 571 ta murojaatlar kelib tushgan.

Jismoniy shaxslar tomonidan yakka tartibda 9 808 ta, shundan 51,1 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Jamoaviy tartibda 581 ta murojaatlar va yuridik shaxslar tomonidan 189 ta, shuningdek xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlari tomonidan 34 ta murojaatlar yo‘llangan», — deydi vakil.

​Muhammadiyevning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmaniga bildirilgan murojaatlarning 37,0 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 34,9 foizi ijtimoiy, 25,1 foizi iqtisodiy, 2,3 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

«Parlament nazorati sub'yekti sifatida Ombudsman 2 158 ta shikoyatni ko‘rib chiqishni o‘z nazoratiga oldi hamda mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 685 ta holatda asosli bo‘lib chiqdi», — deb qo‘shimcha qildi Ombudsman. ​ ​

Ma'lum qilinishicha, ushbu shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 27 ta jinoyat ishi, 28 ta ma'muriy va 44 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, 22 ta tekshiruv o‘tkazildi, ichki ishlar organlarining 21 nafar xodimi, shuningdek boshqa tashkilotlarning 51 nafar xodimlari javobgarlikka tortildi.

«Murojaat etuvchilar manfaatlarini​ ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 48 ta qaror bekor qilindi, sudlar qaroriga 14 ta protest kiritildi», — ​​deydi Muhammadiyev o‘z hisobotida.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid