O‘zbekiston | 09:09 / 02.03.2019
21508
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Islom hamkorlik tashkiloti davlatlariga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Abu-Dabi shahrida (Birlashgan Arab Amirliklari) bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining (IHT TIVK) 46-sessiyasida ishtirok etdi.

TIV xabariga ko‘ra, sessiya yalpi majlisidagi so‘zlagan nutqida vazir O‘zbekistonning IHT va uning tuzilmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini hamda ularga musulmon davlatlarining teng huquqli muloqoti uchun maydon sifatida qarashini qayd etdi.

«Biz tashkilotimizning terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini yuqori baholaymiz, – dedi TIV rahbari. – Terrorizmga qarshi turishda nafaqat terrorning har qanday ko‘rinishini yo‘q qilish, balki bir vaqtning o‘zida ekstremistlarni ta'minlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muhitni bartaraf etish borasidagi ishlarni ham davom ettirish kerak deb hisoblaymiz. Shu nuqtai nazardan IHT Bosh kotibiyati tomonidan a'zo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, qashshoqlikka qarshi kurashga, ta'limni rivojlantirish va inson huquqlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor».

Foto: OIC

Abdulaziz Komilov IHT TIVK kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar, jumladan Afg‘onistonda keng miqyosli tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish borasidagi O‘zbekistonning mavqeini bildirib o‘tdi. Xususan, Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani (RECCA VIII) o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Vazir bugungi kunda O‘zbekistonning fan, texnologiya va ta'lim sohalaridagi IHT bilan hamkorligi sifat jihatidan yangi darajaga chiqqanini alohida e'tirof etdi. Ta'kidlanganidek, «mamlakatimizda 2020-yilda IHTning fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish boshlandi». O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari IHTga a'zo davlatlarni mazkur muhim forumda ishtirok etishga va Musulmon Ummati foydasi uchun fan va texnologiyalarni rivojlantirish ishiga o‘z hissasini qo‘shishga chaqirdi.

O‘z nutqini yakunlay turib, Abdulaziz Komilov joriy sessiyaning Afg‘oniston, islomofobiyaga qarshi kurash, terrorizmga qarshi turish va ekstremizmdan ogohlantirish, ma'rifat va diniy bag‘rikenglikka, shuningdek, Yadro sinovlariga qarshi xalqaro kun va Orol dengizini tiklashga bag‘ishlangan qarorlariga kiritilgan O‘zbekistonning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun IHTga a'zo davlatlarga minnatdorchilik izhor etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulaziz Komilov Abu-Dabiga borishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid