Murakkablik nimaligini tadbirkor va hokimlik o‘rtasida uzoq vaqt davom etayotgan bahsli holatni o‘rganganingizda bilasiz...
Tadbirkor bor vaziyatni sizga tushuntirish uchun bir dunyo qog‘ozlar, qarorlar, bayonnomalar, sud qarorlari, arizalar va ularga javoblarni oldingizga tashlaydi. Mana shu joyda miyangizning oxirgi hujayrasigacha ishlatib, bo‘lib o‘tgan jarayon ichiga kirib borasiz. Avvaliga o‘rmondek ko‘ringan ishni tahlil qilgach, ichidan so‘qmoqlar ham topilib qoladi. Har ikki tomonni ham tinglamasangiz, ishni boricha tushuna olmasligingiz ham mumkin.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi «MIRCURI» jamiyati tomonidan kelgan murojaatni o‘rganish uchun bordik.

«MIRCURI» jamiyati ta'sischilari Qobul Dadajonov va Zohidjon Mehmonov ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 2018 yilning 28 iyulida Qo‘qon shahri 46-MFY Furqat ko‘chasida joylashgan «SETUP LINE» oilaviy korxonasiga qarashli 11000.00 m² yer maydoniga ega bo‘lgan bino-inshootlarni notarial tartibda sotib oladi.
Ushbu yer maydoni «SETUP LINE» oilaviy korxonasi rahbari Rahimjon Nurmatovga Qo‘qon shahar hokimining 2015 yil 10 martdagi №119 sonli qaroriga asosan stol tennisi, peyntbol va karting maydonlari qurish uchun ajratib berilgan. Oilaviy korxona nomida inshootlarga kadastr hujjatlari mavjud.


«MIRCURI» jamiyati ta'sischilari qariyb 250 million so‘mga sotib olingan hududda erkaklar uchun palto tikish sexi, oziq-ovqat qadoqlash, maishiy texnika vositalari, konditer, maishiy texnika jihozlari (dazmol, elektr choynak ishlab chiqarish) sexlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lishgan. 200 nafar kishiga ish o‘rni yaratishni reja qilgan tadbirkor ushbu yer maydonini ishlab chiqarish toifasiga o‘zgartirish uchun Qo‘qon shahar hokimligiga ariza bilan murojaat qiladi. Buning uchun Qo‘qon shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan «O‘zshaharsozlik LITI» DUK loyihalash instituti bilan kelishish uchun planshet tayyorlanib, Qo‘qon shahar hokimiyati, shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, shahar YoXB, shahar DSENM, tabiatni muhofaza qilish Qo‘qon shahar bo‘limlari tomonidan tasdiqlangan.


























