Futbol mamlakatni dunyoga tanitadigan eng yaxshi vositalardan biri. Bugungi kunda futbolni milliardlar o‘yini deyishadi. O‘zbek futbolida ham mamlakat nomini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan vakillarimiz ko‘p. Ular orasida eng mashhuri, shubhasiz, Ravshan Ermatovdir. Jahon chempionatida eng ko‘p o‘yinda ishlagan hamyurtimiz Kun.uz tahririyati mehmoni bo‘ldi, undan faoliyati bilan bog‘liq savollarimizga javob oldik.

«Eron va Iroq kimga yutqazsa ham, bir-biriga yutqazmaydigan jamoalar»

Ermatov faoliyati davomida ko‘plab yuqori darajadagi o‘yinlarda ishlab, o‘zi qatnashgan musobaqalarning murakkab o‘yinlarida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan. Quyidagi o‘yinlarni Ermatov faoliyatidagi eng murakkablaridan deb topdik va bu borada uning fikrlari bilan qiziqdik: Urugvay – Niderlandiya (JCh-2010 yarim finali), Argentina – Xorvatiya (JCh-2018 guruh bosqichi o‘yini), Eron – Iroq (Osiyo Kubogi-2019 guruh bosqichi o‘yini). Hakam bu o‘yinlarning barchasi o‘zi uchun qiyin kechganini aytdi.

«Bilasizmi, hakam uchun oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Hakam barcha o‘yinga eng og‘ir ssenariyga tayyor bo‘lib tushishi kerak. Har bir o‘yin qaysidir ma'noda final deganidir. Yuqorida sanab o‘tgan o‘yinlaringiz yodimda. Urugvay – Niderlandiya o‘yinidan boshlasak. O‘sha o‘yindan ikki yarim kun avval Germaniya va Argentina o‘rtasidagi chorak final o‘yinida ishlagandik. Germaniya – Argentina o‘yini finaldan oldingi final bo‘lgandi. Bunday o‘yinlardan keyin odam ruhan charchaydi va tiklanish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Bu o‘yindan 3 kun ham o‘tmay yarim finalga tayinlanganim kutilmagan hol bo‘lgan. Gollandlar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan. Hech qanday muammosiz o‘tkazganmiz o‘yinni.

Argentina – Xorvatiya o‘yini ham shiddatli kechgan. Asosiysi, bu o‘yinni qizil kartochkasiz o‘tkazganmiz. Hakam uchun o‘yinni qizil kartochkasiz o‘tkazish juda muhim. Eron – Iroq o‘yini qanday o‘tishini bilasiz. Bu Yaqin Sharq derbisi. Eron va Iroq kimga yutqazsa ham bir-biriga yutqazishni istamaydi. OFK bunday qiyin o‘yinni bizga ishonib topshirganidan xursand bo‘lganmiz. Ko‘rgan bo‘lsangiz, uchrashuvning boshlanishi keskin o‘tgandi. Keyin futbolchilarga muxlislar ularning janjalini emas, futbol ko‘rgani kelganini tushuntirib, vaziyatni nazoratga oldik va o‘yin chetlatishsiz, jiddiy xatolarsiz o‘tdi. O‘yindan keyin Karlush Keyrush bugun uchta yaxshi jamoa ishladi: Eron, Iroq va hakamlar jamoasi deb aytdi. Bunday gaplar odamning kayfiyatini ko‘taradi.

OFKda bizga Eron – Iroq o‘yinini bizga berishdan oldin oldingi musobaqadagi bu jamoalar ishtirokidagi o‘yin hamon ko‘pchilikning yodida ekanini, shu sabab bu o‘yin muammosiz o‘tishi kerakligini alohida ta'kidlashdi. Futbol o‘yini uchun har qanday janjal va mojaro ortiqcha».