Professional boksning o‘ta og‘ir vazn (+90,7 kg) toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov (4-0, 4 KO) 15 mart kuni AQShda o‘zining beshinchi jangini o‘tkazadi.
GoSport.uz nashri bokschining o‘ziga asoslanib ma'lum qilishicha, Jalolov shu kuni kolumbiyalik Santander Silgadoga (28-6, 22 KO) qarshi ringga chiqadi. Jang Kaliforniya shtatining Tyustin shahridagi Markoni avtomobillar muzeyi saroyida bo‘lib o‘tadi.
Ma'lumot uchun, Silgado o‘z vaqtida birinchi og‘ir (-90,7 kg) vazn toifasi reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilgan va 2012 yilda o‘sha vaqtlarda chempion bo‘lgan rossiyalik Denis Lebedevga qarshi WBA chempionlik kamari uchun ringga chiqqan, ammo imkoniyatni boy bergandi.
Bundan tashqari, Silgado bir necha marta ikkinchi darajali kamarlar uchun janglarda ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir so‘nggi marta 2018 yilning 8 dekabr kuni Markus Valentinga qarshi ringga chiqib, raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.

















