O‘zbekiston | 14:10 / 07.03.2019
14960
3 daqiqa o‘qiladi

Uzcard to‘lov tizimida nosozlik kuzatildi. Qisqa muddatli uzilishga bayram sabab bo‘ldi

7 mart kuni soat 10:00dan O‘zbekistonning turli hududlarida Uzcard to‘lov tizimida nosozliklar kuzatila boshlandi. Ba'zi hududlarda esa tizim mutlaqo ishlamay qoldi.

Bu vaqtda Payme to‘lov xizmati balansdagi mablag‘ni ko‘rsatmadi, to‘lov terminallar orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi.

Iste'molchilar tizimdan foydalanuvchilar xarid vaqtida terminallar orqali to‘lovlar amalga oshirilishida muammolarga duch kelishgani, turli ilovalar orqali kartadagi mablag‘ni ko‘ra olmaslik kabi holatlar to‘g‘risida ma'lum qilishdi.

Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM) matbuot xizmati izoh berishicha, Uzcard tizimi faoliyatidagi qisqa muddatli uzilishlarga Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida tranzaksiyalar sonining oshgani sabab bo‘ldi.

Ayni vaqtga kelib tizim barqaror ishlamoqda.

«Bayram oldidan tranzaksiyalar soni bir necha martaga oshdi va ayrim terminallarda muntazam uzilishlar kuzatilmoqda, tranzaksiyalar sekin kechmoqda. Bu 2−3 soat davomida kuzatiladi», deyiladi Uzcard tomonidan Kun.uz’ga berilgan izohda.

Ma'lum bo‘lishicha, soat 10:00da Respublika bo‘yicha 464 288ta tranzaksiya amalga oshirilgan. Nosozliklar sababli soat 11:00da 281 087taga tushib ketgan.

YaUPM uzilishlar kuzatilmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini qayd etib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 15 sentyabrdan 17 sentyabrgacha butun respublika bo‘yicha ishlamay qolgandi. Natijada ikki kun mobaynida millionlab o‘zbekistonliklar xarid qobiliyatidan mahrum bo‘lib qolishdi. Tizim ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. Ushbu nosozlik oqibatida davlat, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, uch kunda taxminan 27 milliard so‘m pul yo‘qotgan. O‘sha nosozliklardan so‘ng boshqa, Uzcard’ga raqobatchi protsessing markazlari ishga tushirilishi ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, dekabr oyida Markaziy bank tomonidan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlangan edi. Loyihada, jumladan, agarda to‘lov tizimining nosozligi uzluksiz to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishiga ta'sir ko‘rsatsa, Markaziy bank to‘lov tizimiga, masalan, 1 milliard so‘mgacha jarima solish huquqiga ega bo‘lishi nazarda tutilgandi.

Mavzuga oid