Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar dunyo bo‘yicha global muammoga aylanib, insonlar salomatligiga jiddiy xavf solmoqda. Xastaliklarning bu toifasiga yurak qon-tomir, saraton, qandli diabet va surunkali o‘pka kasalliklari kiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikning pasayishi, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish sabab bo‘ladi. Shu bois mamlakatda aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, o‘tgan yil 20 sentabr kuni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda korxonalar, ta'lim muassasalari, istirohat bog‘larida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashg‘ulotlarini o‘tkazish e'tibordan chetda qolayotganini e'tibor qaratilib, bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targ‘ib qilish maqsadida muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Davlat rahbarining 2018 yil 18 dekabrida “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilingani esa bu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarni belgilab berdi.

Qaror bilan 2019 – 2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi hamda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda barcha hamkor tashkilotlar mas'ul sifatida biriktirildi.
Shundan kelib chiqqan holda, aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 9 mart kuni respublikada Yurish kuni deb e'lon qilindi.



















