Insonga munosabat tarixdan millatga munosabat bo‘lib kelgan. Podshohning millatiga bo‘lgan munosabati juda ko‘p narsani belgilab bergan. «Men podshohman, xalqim mening xizmatchim» deyishi va «Men podshohman, xalqning xizmatchisiman» deyishi ayri-ayri narsalar.

Mustaqillik davridan so‘ng bu holatga birdaniga kelib qolinmagan. Xalq uchun xizmat qilishga harakat qilindi, asosiysi, mustaqillikka erishildi, xalq uchun nimalardir qilindi.

Sado berilsa-yu, lekin aks sado kelmasa, hafsala pir bo‘ladi. Mana shu nuqta, ayniqsa, rahbarlar hafsala pir bo‘lish nuqtasi - juda dahshatli nuqta. Bunda aks sado berilmayotgan tomon ham, bir martada ruhan tushadigan rahbar ham aybdor.

Bugungi O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga keldi. Xalqqa nisbatan «xalq mening xizmatchim emas, men xalqning xizmatchisiman, hukumat ham xalq xizmatchisi», degan tamoyil qo‘yildi. O‘tgan uch yil davomida bu narsa, eng avvalo, hukumat ishida og‘ir kechishi boshidan aytilgandi. Sababi, bugun hukumat a'zolarining aksariyati 40-50 yoshdan o‘tgan, shaxs sifatida shakllanib ulgurgan, o‘ziga berilgan vakolat, hurmat-izzatga o‘rganib qolgan tabiatni zumda «xalq xizmatchisi», degan fitratga almashtirish juda og‘ir.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Natijada nima bo‘ldi?! O‘yin boshlandi, ko‘zbo‘yamachilik boshlandi, ammo bu ularning foydasiga emas. Mirziyoyev prezident sifatida o‘z prinsipida oxirigacha turyapti. Ya'ni, bir masalani aytib, bir yil muddat beryapti, o‘zgarsa o‘zgardi, o‘zgarmasa yana shu masalani aytib, kim bu ishni amalga oshirmagan bo‘lsa hammasidan voz kechyapti. Yo‘qotishdan qo‘rqmayapti. Hayotda insonning yo‘qotishdan qo‘rqmasligi dahshatli kuchdir.

Xo‘sh, shunday siyosiy iroda bor ekan, bugun jamiyat nega o‘zgarmayapti?! O‘zgaryapti, lekin sekin-sekin, bosqichma-bosqich degan bahonalar bilan, ammo kutilganidek o‘zgarmayapti. Siyosiy islohotlar bo‘lyapti, qonunlar almashyapti, lekin turmush tarzimiz almashmayapti. Nega? Sababi - tafakkur, dunyoqarash, ishga munosabat o‘zgarmayapti. Bugun jamiyatda odamlarni o‘zgartiramiz deyapmiz, lekin, avvalo, rahbarlar o‘zgarishi kerak.