Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan ayollar salomatligi, tug‘ilish va sog‘lom avlodni rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlar deb quyidagilar hisoblanadi:
aholi reproduktiv salomatligi, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirish;
sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalarida ayollar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish;
bola rivojlanishi buzilishlarini erta aniqlash va tuzatish hamda kam vaznli bolalarni parvarish qilish tizimini yaratish;
ayollar, o‘smirlar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish;
bolalar va homilador ayollar uchun ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
rivojlanishida nuqsoni bor nogironligi bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirish, ularning jamiyatda to‘liq ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
umumiy pediatr shifokori, akusher-ginekolog va doyalarning malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish;
bolalar otolaringologiya va bolalar stomatologiya xizmatini qayta ko‘rib chiqish;
sog‘lom farzandlarni tug‘ilishi va tarbiyalash masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini olib borish istagini shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda bolalarga tibbiy yordam sifati va samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi”ni ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

















