Kun.uz tahririyatiga huquqlari buzilayotgan tadbirkorlar tomonidan ko‘plab murojaatlar kelishi davom etmoqda. Aksariyat murojaatlarda mahalliy hokimliklar va tadbirkorlar o‘rtasidagi turli nizolar, tushunmovchiliklar bayon etilgan.
Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, «Mo‘minxo‘ja» mahallasida yashovchi tadbirkor Qursiya Toshpo‘latova ham buzilgan huquqlarini tiklashda yordam so‘radi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘ldik va tadbirkor bilan suhbatlashib, uning e'tirozlarini tingladik.
«Men uzoq yillardan buyon farmatsevtika sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Tumanning «Kattaming» mahallasida xususiy dorixonam bor edi. Dorixona binosi ham bizga tegishli, 2014 yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olganman, egalik huquqi va kadastr hujjatlari ham bor. Dorixona 2013 yilgacha faoliyat ko‘rsatdi. 2017 yil may oyida ushbu binoda yong‘in sodir bo‘ldi va binoning tom qismi yonib ketdi. 2017 yil iyun oyida xususiy korxonamiz faoliyatini tugatdik. Keyinchalik sog‘lig‘im yomonligi tufayli ishni qayta davom ettira olmadik. Ammo bino bizga tegishliligicha qolgandi. Sog‘lig‘imni tiklab, 2018 yildan o‘sha binoda yana tadbirkorlik faoliyatimni boshlashga harakat qilib yurganimda, uyimga bir yigit kelib, binoning g‘ishtlarini sotishimni so‘radi. Nega bunday deyayotganini so‘rganimda, u dorixona binosi maxsus texnika yordamida tuman hokimiyati vakillari tomonidan buzib tashlaganini aytdi. Bizning bundan xabarimiz yo‘q edi, hech kim ogohlantirmagan ham. Bu qanday hol axir? Bino bizga tegishli bo‘lsa, o‘z-o‘zidan buzib tashlashadimi? Shundan buyon bir necha bor hokimiyat mutasaddilariga murojaat qildim. Ular menga «O‘rniga yer beramiz, dorixona binosi joylashgan hudud «Obod qishloq» dasturiga tushgan», deyishdi. Huquqimizni buzib, hech qanday ogohlantirishsiz mulkimizni yakson qilishgani yetmagandek, shu vaqtgacha buzilgan bino va tortib olingan yer evaziga va'da qilingan yerni ham ajratib berishmayapti. Bu orada buzilgan dorixona binosi o‘rniga qishloq oilaviy poliklinikasi qurishdi. Men esa mulkimdan ajralib, quruq qoldim. Shu adolatdanmi?», – deydi biz bilan suhbatda Qursiya Toshpo‘latova.
O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Q.Toshpo‘latova 1986 yildan buyon farmatsevtika sohasida faoliyat yuritib kelgan. 2004 yilning iyun oyida Kattaqo‘rg‘on tumani, «Kattaming» mahallasidagi dorixona binosini oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olgan.
Shundan keyin u 2004 yilning 14 iyulida «Gulizebo – N.Q.S» xususiy korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.






















