Bundan bir oy oldin, 7 fevral kuni Kun.uz saytida «Andijon tomonlarda: MarHamatning loy yo‘llari va yo‘lka ustidagi «astanopka» haqida» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Mazkur tanqidiy materialda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi bir talay salbiy holatlar keltirilgan.

Murojaatchilar tomonidan kelgan arznomaga asosan tuman markazi Mustaqillik ko‘chasidagi piyodalar yo‘lakchasi ustiga savdo do‘koni va bekat qurilayotgani bilan tanishib, bundan aholi vakillari noroziligi borasida tuman hokimligi vakillari bilan uchrashgan edik.
Shaharchadagi taksi haydovchilari bizga O‘zbekiston MFYdagi ko‘p qavatli uylarga olib boruvchi yo‘llarning ahvolini ko‘rsatishgan, aholi va transport qatnovi uchun yaroqsiz «so‘qmoq»lardan ishga qatnayotgan kishilar, maktabga borayotgan bolajonlar bilan suhbatlashib, mazkur holatlar maqolada suratlar orqali aks ettirilgandi.

Uchinchi muammo esa tuman hokimligi binosi peshtoqidagi imlo xatolar bilan bog‘liq edi.

Maqola e'lon qilingach, oradan bir kun o‘tib, hokimiyat binosi peshonasidagi imlo xato to‘g‘rilangani haqida ma'lumot olganmiz. Bu muammo katta mehnat talab qilmasligi uchun tez fursatlarda bartaraf etilgan.

Xo‘sh, O‘zbekiston MFYdagi yo‘l holati va Mustaqillik ko‘chasidagi trotuar ustiga qurilayotgan bekat masalalari qanday hal etildi? Biz aholidan takror tushgan arznomalardan so‘ng yana mavzuga qaytdik.
Yo‘llar ta'mirlangan
Tuman taksichilari bizni olib borib holatni ko‘rsatgan «Dukchi eshon» va «O‘zbekiston» MFY tutashgan joydagi ko‘pqavatli uylar atrofi yo‘llari bo‘yicha ma'lum ishlar amalga oshirilibdi.
Hududdagi «Oqibatli» va «Chorbog‘» ko‘chalarida yashovchi aholi va ularning farzandlari qatnaydigan 43-umumiy ta'lim maktabi va 20-maktabgacha ta'lim muassasasiga olib boruvchi yo‘llarda tekislash va shag‘allash ishlari olib borilgan. Umuman olganda, atrofidagi jami 2 kilometr yo‘llarda ta'mirlash ishlari yakunlangan. Ayni paytda mahalla aholisi ishga, ularning bolalari esa ta'lim maskanlariga «oyog‘i loy ko‘rmay» borib kelmoqda.













