«Tribuna» Chempionlar ligasining 1/8 finali doirasidagi oxirgi ikki uchrashuv anonsini taqdim etadi. Bugun Myunxenda va Barselonada chorak finalning yana ikki ishtirokchisi aniqlanadi.

«Bavariya» - «Liverpul» hamda «Barselona» - «Lion» birinchi o‘yinlarda nursiz duranglar qayd etgandi, yo‘llanma taqdiri Kataloniya hamda Myunxendagi o‘yinlarda hal bo‘ladi.

«BAVARIYa» - «LIVeRPUL»

«Liverpul» qurbonlikka tayyormi?
Kunning markaziy o‘yini Myunxenda o‘tkazilib, «Bavariya» o‘z maydonida «Liverpul»ni qabul qiladi. Jamoalarning «Enfild»da o‘tkazilgan birinchi o‘yinida hisob ochilmagandi. Yurgen Kloppning aytishicha, o‘z maydonidagi eng yaxshi durang natija bu 0:0. Biroq, bu natija ko‘proq «Bavariya» uchun qulayroq. Chunki, mehmondagi o‘yinda gol o‘tkazmaslik o‘z maydonidagi o‘yinda yaxshigina ustunlik beradi. Boshqa tomondan nemislarning mehmonda gol ura olmaganliklari ularga qiyinchilik tug‘dirishi ham mumkin. Endi «Liverpul» urgan har bir gol ikkitaga yuradi.

«Liverpul» 29 yildan buyon Angliya chempioni bo‘la olmay kelmoqda. Shu sabab APL sovrinisiz o‘tayotgan har bir yil klub muxlislarining alamini kuchaytirmoqda. Hozir jamoa Yurgen Klopp murabbiyligida oxirgi yillardagi eng yaxshi holatida. Muxlislar ulardan Premer-Liga g‘olibligini kutishmoqda. «Liverpul» hozir ikki frontda kurash olib bormoqda va bir qarashda ikkita musobaqada g‘oliblik uchun kurashish jamoaga og‘irlik qilishi mumkin.

Muxlislar orasida «Liverpul» ikki musobaqadan birini qurbon qilishi kerakligi, aks holda ikkalasini ham boy berishi muhokama qilinmoqda. Kloppdan bu haqda so‘rashganda, murabbiyning jahli chiqdi. Muhammad Saloh esa quyidagicha javob berdi: «Premer-Liga g‘olibligi uchun Chempionlar Ligasidan jon deb kechgan bo‘lardim».

Bunday almashuvga klubning barcha muxlislari ko‘nishsa kerak, lekin Chempionlar Ligasidan kechish bu APL g‘olibligini ta'minlaydi degani emas. Undan tashqari, Klopp shogirdlariga «Yigitlar, bizga Chempionlar Ligasi kerak emas, bor e'tiborni Premer-Ligaga qaratamiz. Bugun «Bavariya»ga yutqazib beramiz», deyishi aqlga sig‘maydigan narsa. Top-klublar hech qachon yutqazish uchun maydonga tushishmaydi.

«Liverpul»ning zaxira imkoniyatlari katta bo‘lmasa ham, o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqada g‘oliblik uchun kurashishi aniq. Britaniyaning xalqaro maydondagi eng muvaffaqiyatli jamoasi Chempionlar Ligasidagi 6-sovrinni hech qanaqasiga qurbon qilmasa kerak.