Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, hukumat majlislari – mintaqaviy boshqaruv masalalarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalari, dasturlari va boshqa qonun hujjatlarini jamoaviy ko‘rib chiqishni ta'minlovchi hukumat faoliyatining bir shakli hisoblanadi.

Hukumat majlislarini o‘tkazishda quyidagilar Vazirlar Mahkamasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlaridan kelib chiqadigan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli, samarali hamda natijadorlik bilan bajarilishini monitoring qilish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlarning (hududiy) rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligini kuchaytirish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida muntazam ravishda idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

aniq sohalar va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid muhim va ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish;

mintaqaviy boshqaruv masalalarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalari, dasturlari va boshqa qonun hujjatlarini jamoaviy ko‘rib chiqilishini tashkil etish, o‘tkazish va ularning natijalarini tahlil qilish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va Hukumat majlislari o‘tkazilishi jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan ijrochilarga topshiriqlar berish.

Vazirlar Mahkamasi Hukumat majlislarini o‘tkazish jarayonida qonuniylik, xolislik, mustaqillik, oshkoralik, shaxs, jamiyat hamda davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashi shart.