Bugun, 14 mart oqshomida Yevropa Ligasining 1/8 finali doirasida 8ta juftlik javob uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Lyakazett uchun amnistiya
«Arsenal» – «Renn». 01.00. Birinchi o‘yin – 1:3

«Kanonirlar» Yevropa Ligasida pley-offning ikkinchi bosqichini safar o‘yinidagi mag‘lubiyat bilan boshladi. Ammo mart oyidagi omadsizlik fevraldagisidan farq qiladi. O‘tgan oyda BATE bilan safar o‘yinidagi 0:1 hisobidan chiqib ketish birmuncha oson edi. Endi esa safarda gol urilgan bo‘lsada, uchta gol o‘tkazilgan va «Arsenal» nisbatan kuchliroq raqibga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. «Renn» yevrokuboklar tarixiga londonliklarni o‘z maydonida yenggan ilk fransuz klubi sifatida kirib bo‘ldi. Inglizlardan farqli ravishda «Renn» ikki frontda kurash olib bormayapti, ichki birinchilikda bu jamoa turnir jadvali o‘rtalarida ketmoqda va Jyulen Stefan jamoasi uchun chempionatda intriga deyarli yo‘q, shu sababli fransuzlar asosiy e'tiborni yevrokubok o‘yiniga qaratishlari mumkin. 

«Renn» turnirning 1/16 finalida «Betis»ni safarda 3:1 hisobida mag‘lub etgandi. O‘shanda fransuzlarning bir goli ideal darajadagi qarshi hujumda urilgan, bu hujumni Nyang a'lo darajada yakunlab bergandi. Ushbu futbolchi Londondagi o‘yinga diskvalifikatsiyasini o‘tab qaytmoqda. O‘z navbatida, o‘zining Angliyadagi ilk mavsumini sovrinsiz boshlash xavfi ostida qolgan Unai Emeri avvalgi o‘yinda maydondan chetlatilgan Sokratis Papastopulosning yordamiga umid qila olmaydi. Ammo mezbonlarda kelajakka optimizm bilan qarash uchun ham asos bor. Birinchidan, jamoa «MYu»ga qarshi o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishib, kuchli to‘rtlikka qaytdi hamda futbolchilarning kayfiyati zo‘r. Ikkinchidan, UYeFA apellyatsiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Lyakazettning diskvalifikatsiyasi muddati qisqardi hamda u bugungi o‘yinda «Arsenal»ning asosiy kuziri bo‘lishi mumkin. Bu o‘yinda Mxitaryanning maydonga tushishi tez vaqtlar ichida aniq bo‘ladi.

Hujumchisiz qolgan Spalletti
«Inter» – «Ayntraxt» F. 01.00. Birinchi o‘yin – 0:0

Avvaldan taxmin qilinganidek, turnirning bu bosqichidagi eng jiddiy qarama-qarshilik «Inter» va «Ayntraxt» juftligida kuzatilmoqda. O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yinda italyanlar vazifaning yarmini uddalashgan va turnirning eng hujumkor jamoasiga gol urishga imkon bermagandi. Frankfurtdagi o‘yinda nemislar jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Rebich jarohati tufayli ishtirok eta olmagandi. Uning o‘rniga nemislar jamoasiga maydondagi boshqa bir xorvatiyalik futbolchi, «Inter» yarimhimoyachisi Brozovich penaltini aniq ijro etolmasdan yordam berib yuborgandi.