Dekabrda Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga qur'a tashlanganida, APL va Bundesliga o‘rtasida o‘ziga xos duel bo‘lishini va nihoyat qaysi liga haqiqatan ham kuchli ekanini bilib olish imkoni haqida gapirilgandi. Natija ma'lum, har uchala ingliz jamoasi raqibini yer tishlatdi, umumiy to‘plar nisbati: 17:3 ko‘rinishini oldi. Championat.com bu haqda tahliliy material e'lon qildi.

Bu natijaning faqat futbol, maydondagi vaziyatlar sababli yuzaga kelganini, ya'ni, balki boshqatdan o‘ynalsa, umuman boshqa natija bo‘lishi ham mumkinligini aytadiganlarni «o‘chirish» uchun bir fakt yetarli: Myunxendagi o‘yinda «Liverpul» oldinga chiqib olganida, mezbonlarni qutqarish uchun Renatu Sanshesh maydonga tushirildi. Yaxshi futbolchi, balki kelajakda undan katta yulduz chiqar, ammo eslasangiz, Sanshesh atigi bir yil oldin «Suonsi»da asosiy tarkibga kira olmagan va «Bavariya» uni ijaradan qaytarib olib kelgandi. Hozir «Suonsi» Chempionshipda o‘ynayapti, shunday futbolchi «Liverpul» bilan o‘yinda qutqaruvchiga aylanishiga ishonish qiyin, albatta. 

Shu bilan munozaralarning bevosita futbol bilan bog‘liq qismini tugatsak bo‘ladi, tabiiyki, ligalar o‘rtasidagi farq chuqurroq – klublarni boshqarish prinsiplarida. Masalan, o‘sha 50+1 qoidasini yana tilga olish mumkin.

Qisqacha, bu qoidani tushuntiramiz. 50+1 qoidasi Germaniyada klublar investorlarining faoliyatini cheklash uchun chiqarilgan. Asosan arablar va xitoylik investorlar Bundesligani bosib olishlaridan hayiqib, shunday qaror qabul qilingani aytilsa-da, aslida, klublarning yirik korporatsiyalarning bir bo‘lagiga aylanib qolishiga to‘siq sifatida ancha oldinroq ishlay boshlagan. Istisnolar faqat uchta: mashhur zavodlarning klubi bo‘lgan «Volfsburg» va «Bayyer» hamda «Hoffenhaym» (Ditmar Xopp uzoq yillardan beri klubiga pul kiritib kelmoqda). Ya'ni, bu qoidani aylanib o‘tishning yo‘li, bir klub egasiga aylanish uchun kamida 20 yillardan beri investitsiya kiritib kelingan bo‘lishi shart.  

Yevrokuboklardagi natijalar pasayib ketishi natijasida, Germaniyada bu qoidaga qarshi chiqishlar ham ko‘paydi, ammo yetarli emas. Roppa-rosa bir yil oldin, 2018 yilning mart oyida yuqori ligalarning 36 klubidan atigi to‘rttasi «50+1»ga qarshi bo‘lishgan, xolos. Natijalar esa pasayishda davom etmoqda. UYeFAning umumiy reytingida yaqinda ham faqat Ispaniyadan ortda qolgan Bundesliga, endilikda Angliya va Italiyani ham oldinga o‘tkazib yubordi va 4-o‘ringa tushib ketdi. 

Gapning po‘stkallasini aytganda, bu qoida nemis klublarining APL boylari, Ispaniya grandlari yoki Parijdagi top-klub bilan raqobat qilishda mag‘lubiyatni tan olishlariga sabab bo‘lmoqda. Har tomonlama munosib bo‘lib kelgan «Bavariya» ham faqat Bundesliga yulduzlarini o‘z tomoniga og‘dirish orqali top-darajani saqlab turgan bo‘lsa, endilikda, Germaniyada ham yosh yulduzlarning kamayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Oqibat ma'lum, yuqorida Sanshesh misolida «Bavariya»da ham muammolar borligini ko‘rdik. Hozirda Yevropaning boshqa ligalarida porlayotgan Keyta, De Bryuyne, Draksler, Dembele, Sane va boshqa misollardan sezish mumkinki, endi bozor kengaydi va «Bavariya» Bundesliga yulduzlarini osonlik bilan o‘z safiga qo‘shib olishi moddiy tomondan yanada qiyinlashib boraveradi. Ilgari faqat futbolchiga yaxshi sharoitlar va'da qilib, Gyotse yoki Levandovskilar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, endi, APL yoki ispan grandlari tomonidan va'da qilinayotgan katta transfer narxlari klublarni ko‘proq jalb qilishi turgan gap.