Sport | 12:10 / 28.03.2019
12350
2 daqiqa o‘qiladi

Azar «Real» bilan bitimining barcha shartlarini kelishib oldi - OAV

«Chelsi» vingeri Eden Azar «Real» bilan tuzilajak bitim shartlari borasida to‘liq kelishuvga erishdi. Bu haqda Tuttomercatoweb xabar tarqatgan.

Nashrning aniqlashicha, 28 yoshli futbolchi «Santyago Bernabeu»da bonuslardan tashqari yiliga 15 mln yevro maosh oladi. Transfer 90-100 mln yevroga baholanmoqda, ammo hamon «Chelsi»ning roziligi olingani yo‘q.

Agar «qaymoqranglilar» Azar bilan shartnoma imzolab, unga 15 mln yevro yillik ish haqi tayinlasa, u holda Eden yangi klubida eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylanadi. Hozirda bu maqom Garet Beylga tegishli – u yiliga 14 mln yevro olmoqda. Serxio Ramosning maoshi 11 mln, Karim Benzema va Luka Modrichniki esa 10 mln yevroga teng.

Ma'lumot uchun, belgiyalik xavbek bu mavsum «ko‘klar»ning barcha musobaqalardagi 39ta o‘yinida maydonga tushib, 27ta golda bevosita qatnashdi (16+11). «Chelsi» uni 2012 yilda «Lill»dan 35 mln yevroga sotib olgandi.

Eslatib o‘tamiz, Azarning «qirollik klubi» bilan og‘zaki tarzda kelishib olgani haqida avval ham xabar tarqalgan, u o‘tgan hafta oxirida «bularning bari mish-mish» ekanini aytgandi.

Bunga qadar «Real» qiziqish doirasidagi Kilian Mbappe madridliklardan yillik 15 mln yevro, Pol Pogba esa 16 mln yevro maosh talab qilayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid