Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ijtimoiy himoyani amalga oshiruvchi mas'ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi;

himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish choralarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoyasini ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bir martalik to‘lanadigan nafaqalar belgilangan tartibda o‘ziga nisbatan himoya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga, himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda – halok bo‘lgan (vafot etgan) shaxsning oila a'zolariga va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga to‘lanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda, halok bo‘lgan (vafot etgan) shaxsning oila a'zolariga va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga himoya qilishni ta'minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni ta'minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi va nogironlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni ta'minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi.