O‘zbekiston | 17:57 / 01.04.2019
3345
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini qabul qildi

Foto: TIV axborot xizmati

1 aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian va Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roland Kobia tarkibidagi YeI delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarning holati va istiqbollari, jumladan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi va Orolbo‘yi muammosini kompleks hal etishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etishdagi hamkorlikning amaliy masalalari muhokama qilindi.

“Yevropa Ittifoqi vakillari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilm-ta'lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar jarayoni va ularning dastlabki natijalari yuqori baholandi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda 2019 yilda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays ishtirok etdi.

Mavzuga oid