Jahon | 00:36 / 04.04.2019
9944
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoirning iste'foga ketgan prezidenti xalqidan kechirim so‘radi 

Jazoirning ko‘p yillik rahbari Abdulaziz Butafliqa muddatdan avval iste'foga ketishini e'lon qilgandan keyin millatga yuzlandi. Bu haqda Alg24 portali xabar berdi. 

Dastavval Butafliqa 20 yillik prezidentligi vaqtida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun xalqidan kechirim so‘ragan. 

“O‘z lavozimimni qoldirib, o‘z prezidentlik yo‘limni yakunlar ekanman, xatolarim uchun yurtdoshlarimdan kechirim so‘rayman”, deb yozgan Butafliqa.

U o‘z hukumatining mamlakatni rivojlantirish va ko‘plab sohalardagi taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini ta'kidlab o‘tgan va tarafdorlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. 

“Bugun men oddiy fuqaroga aylandim, biroq bu meni XXI asrga avvalgidan ko‘ra yaxshiroq holatda kirgan Jazoirni rivojlantirishga qo‘shgan hissamdan faxrlanish imkoniyatidan mahrum qilmaydi”, deb aytilgan murojaatda.

82 yoshli Butafliqa yangi rahbariyat mamlakatning farovonligi va xavfsizligi uchun islohotlarni davom ettirishiga umid bildirgan.   

Yaqin orada Jazoirni vaqtinchalik boshqaradigan prezident parlamentning yuqori palatasi spikeri tomonidan e'lon qilinadi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid