4 aprel kuni Nukus shahrida «Imkon» nomli O‘zbekistondagi birinchi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur muassasa turli jismoniy nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta'lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta'minlash imkonini yaratib beradi.

Ochilish marosimida Maktabgacha ta'lim vazirligi Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqib, ushbu markaz ochilishiga yordam bergan barchaga minnatdorchilik izhor etdi.

«Men bu yerga o‘zining sa'y-harakatlari bilan hissa qo‘shgan va bugun biz bilan bo‘lgan do‘stlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Keling, 2018 yil Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarini yodga olamiz, u O‘zbekiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ular bizning terma jamoamizga 77ta medal taqdim etdi. Biz mamlakatimiz va uning olimpiya terma jamoasi bilan faxrlanamiz! Bugun sportchilarni tadbirimizning faxriy mehmonlari sifatida qabul qilish biz uchun katta sharaf», - dedi u.

Yaqinda, Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: «Xalq maqolida shunday deyiladi: Xalq salomatligi— mamlakat kelajagi! Asosiysi, jamiyatda tinchlik va insonlar salomatligini ta'minlash. Qolgan muammolarga yechim topsa bo‘ladi».

Masalaning dolzarbligini anglagan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nogironligi bor bolalar muammosi, ularni himoya qilish, teng huquq va imkoniyatlar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratmoqda.

Shahnoza Mirziyoyevaning ta'kidlashicha, «qayd etilgan tashabbuslar va bolalar nogironligi ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yil 16 avgustida «Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi».

Bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari asosiy tadbirdan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: «Bugun, oradan 7 oy o‘tib, biz bu ajoyib kun - «Imkon» markazimizning ochilishini nishonlash imkoniga ega bo‘ldik».