Sudlar tomonidan yarashuv instituti samarali qo‘llanmoqda
Amaliyotga yarashuv institutining joriy etilishi natijasida ko‘plab fuqarolar "qamalgan" degan tamg‘adan xalos bo‘ldi, fuqarolar manfaati ishonchli hamda samarali himoya qilinishi ta'minlandi.
Yarashuv institutining afzalligi shundaki, birinchidan, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar tez va to‘liq qoplanishi ta'minlanadi. Ya'ni uning manfaatlari ustuvor sanaladi.
Ikkinchidan, jinoyat sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgani uchun sudlanmagan hisoblanadi. Uchinchidan, aybdorni kechirish orqali jazolanmasdan tarbiyalanadi.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi Ahror Umaraliyev hech bir sababsiz A. Komiljonovni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, A. Komiljonov yengil tan jarohati olgan. Sud majlisida A. Komiljonov A. Umaraliyev bilan yarashganligi haqidagi ariza bilan murojaat etib, unga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligi, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo‘lganini ko‘rsatib o‘tdi. Sud A. Umaraliyevga oid jinoyat ishini taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatdi.
Rahimjon Mo‘minov "Parkent" bozorida K. Olimjonovning ishonchiga kirib, 6 ming AQSh dollari evaziga 14 dona eshik yasab berishni va'da qilgan. Biroq u va'dasida turmay pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan. Dastlabki tergov organi tomonidan u ayblanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb qilingan. Sud majlisida K. Olimjonov sudlanuvchi unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagani va u bilan yarashganligi haqida ariza bilan murojaat etdi. Sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligini, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tdi. Sud ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatildi.
Yana bir misol. Yashnobod tumanida yashovchi R. Manshurmatov o‘z avtomashinasida F. Toshevani urib yuborib, tan jarohati yetkazgan. Dastlabki tergovda R. Manshurmatov va jabrlanuvchi F. Tosheva ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishini yarashganliklari munosabati bilan tugatishni so‘ragan.
Sud taraflar yarashganliklari munosabati bilan R. Manshurmatovga oid jinoyat ishini uning ayblilik haqidagi masalani hal qilmasdan harakatdan tugatdi.
Sudlar tomonidan yarashuv institutining samarali qo‘llanilayotgani inson huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari ustuvor qadriyat sifatida e'zozlanayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Bahriddin IKROMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining sudyasi.
Mavzuga oid
11:41 / 07.12.2024
“To‘pponcha o‘qtalib, otib tashlayman dedi” – “Saidaziz medgorodok”ka yana bir “delo” bo‘yicha hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 12.10.2024
Sergelidagi portlash: 4 nafar ayblanuvchining har biri 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
13:02 / 21.08.2024
Sud «Ozodlik»ka 100 mln so‘m to‘lash va «gaz chayqovchisi» haqidagi surishtiruv bo‘yicha raddiya e’lon qilishni yukladi
18:36 / 13.08.2024