Jahon | 17:02 / 06.04.2019
30009
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda faollardan biri «Putinga qabr toshi» tufayli to‘qqiz sutkaga qamaldi

Foto: David Frenkel/ «Mediazona»

Sankt-Peterburgdagi sud Isaakiy bosh cherkovi yaqinida 3 aprel kuni o‘rnatilgan «Putinga qabr toshi» tufayli faol Andrey Jyeksimbayevni to‘qqiz sutkaga qamoqqa oldi. Bu haqda «MBX media» huquq himoyachisi Dinar Idrisovga tayangan holda xabar bergan.

Jyeksimbayev tadbirni oldindan ogohlantirmay turib tashkil etganlikda aybdor deb topildi. «AgitRossiya» harakati matbuot kotibi Grigoriy Kudryavsev u bilan qo‘lga olingandi, u hozircha sudga olib kelinmagan.

Foto: David Frenkel/ «Mediazona»

Idrisovning ta'kidlashicha, Jyeksimbayev «qabr toshi» o‘rnatilgan kunda o‘z uyida bo‘lganini isbotlovchi dalillarga qaramay hibsga olingan. Aksiya uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan «AgitRossiya» harakati unda Jyeksimbayev va Kudryavsev ishtirok etmagani haqida ma'lum qildi.

Mart oyida «Putinga qabr toshi» Naberejniye Chelnida internetni taqiqlash haqidagi qonun loyihasiga qarshi norozilik belgisi sifatida o‘rnatilgandi. Aksiyaning ehtimoliy ikki ishtirokchisi - «Muddatsiz norozilik» faollari - olti va 28 sutkaga qamaldi.

Foto: David Frenkel/ «Mediazona»

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i Naberejniye Chelnidagi «Putinga qabr toshi» tasvirlangan fotosuratlarni o‘chirib tashlab, ular «foydalanuvchilarni chalkashtirayotgani» haqida ma'lum qildi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoq suratlar asl ekanini tan oldi va o‘chirilgan tasvirlarni qayta tiklashga va'da berdi.

Mavzuga oid