O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasining ularning faoliyati haqidagi tanqidiy fikrlarimga raddiya tarzida maqola tayyorlaganlarining o‘zi men uchun ahamiyatli. Maqolalarda bildirgan har bir fikrimga imkon qadar batafsil to‘xtalganlarini qadrlayman. Shu bilan birga o‘quvchilarda to‘liqroq tasavvur hosil bo‘lishi uchun ba'zi fikrlarimga izoh berib ketishni ham lozim topdim.
1) Mening ikki tabaqali ilmiy daraja berishning kamchiliklari borasidagi, xususan, ilmiy kengashlar, ekspertlar kengashi a'zoligiga tasdiqlanishida fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganlarga ma'lum imtiyozlar borligi haqidagi fikrimga «olimlarni ilmiy kengashlar va ekspert kengashlariga kiritish borasida hech qanday imtiyozlar mavjud emas, aksincha, ularning mas'uliyati keskin oshiriladi» deb javob berib turib, davomida aynan mening ustoz va hamkasblarim a'zo bo‘lgan ilmiy kengash va ekspertlar kengashi misol tarzida keltiriladi. Bu bilan OAK «sening hamkasblaring ham imtiyozlar orqali a'zo bo‘lgan demoqchimisan?» degan fikrni urg‘ulamoqchi bo‘ldimi, bilmadim. Vaholanki, men umumiy tendensiya haqida yozganman. Men imtiyoz deb nazarda tutganimda O‘zR VM huzuridagi OAK Rayosatining 2017 yil 31 maydagi 239/3- son qarori bilan tasdiqlangan «Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risida nizom»ni asos qilib olgandim. Bu nizomning 2-bob 6-bandida shunday deyilgan: «Fan doktori (DSc) ilmiy darajasni beruvchi ilmiy kengash har bir ixtisosligining tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha kamida 5 nafar fan doktori kiritiladi. Istisno tariqasida, Ilmiy kengash ilmiy kotibi sifatida faol ilmiy faoliyat borayotgan va katta ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis kiritilishi mumkin. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tarkibiga Ilmiy kengash har bir ixtisosligining tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha kamida 5 nafar ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis kiritiladi. Bunda fan doktorlari soni Ilmiy kengash a'zolarining yarmidan kam bo‘lmasligi lozim». Menimcha, bu talablarni bemalol fan doktorlari uchun imtiyoz sifatida talqin qilsa bo‘ladi.
2) Dissertatsiya mavzulariga qo‘yilgan cheklovlar haqida yozgan e'tirozlarimga qarshi o‘laroq, OAK tomonidan hech qanday texnik cheklovlar o‘rnatilmagani, mavzu o‘zgartirish jarayoni texnik jarayoni soddalashtirilgani, yakuniy mavzu tadqiqot boshidayoq OAK bazasiga kiritilmasa, takroriy va parallel mavzular paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi tushuntirishlar (asoslashlar) berilgan. Men mana shu qismda aniq dalillar keltira olmasligim sababidan (aynan shunday muammoga duch kelganlar rasmiy ko‘rsatma berishdan bosh tortadi) bu cheklovlar OAK tomonidan qo‘yilgan demoqchi bo‘lganim uchun uzr so‘rashim mumkin. «Dardimizni aytibsiz» deganlardan ham o‘z vaqtida uzr so‘rab qo‘yishimga to‘g‘ri keladi. Lekin real vaziyat bu bilan o‘zgarib qolmaydi (balki bundan keyin o‘zgarar). Endi amaldagi jarayon OAK ko‘zda tutgan maqsadga javob beradimi, degan savolga javob izlasak. OAK veb-saytida ro‘yxatga olingan mavzular bazasini topmaysiz. Ularning bir qismi OAK Byulletenining pdf-fayllari ko‘rinishida bor, xolos. OAK ta'kidlagan takroriy va parallel mavzular bo‘lmasligi uchun endi talabgorlar byulletenning barcha sonlarini tekshirib chiqishi kerak bo‘ladi. Men esa taklifimda OAKda shunday mavzular bazasi bo‘lsin, talabgorlar kalit so‘zlar bilan ro‘yxatdan o‘tgan mavzularni topishi oson bo‘lishini nazarda tutgandim. Umuman, mavzuga texnik cheklov qo‘yiilmasa, ularning ustma-ust tushib qolishi amrimahol. Buning uchun yaxshilab harakat qilish kerak bo‘ladi. Darvoqe, talabgorlar dissertatsiya mavzulari OAK ro‘yxatida bo‘lmasa malakaviy imtihonlarni yaqingacha ham topshira olmasdi. Javobda «to‘rtinchidan» degan punktda shunga urg‘u berilgan. Endi mavzu OTM yoki ITI ilmiy kengashida tasdiqlangan bo‘lsa bo‘ldi ekan. E'tirof etaman, katta yengillik.














