Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududiga sanitariya-epidemiologik va fitosanitariya nazoratidan o‘tkaziladigan mahsulotlarning olib kirilishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirish hamda yangilash tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga sanitariya-epidemiologik va fitosanitariya nazoratidan o‘tkaziladigan mahsulotlarni olib kirilishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirish hamda yangilash tartibi tasdiqlanishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan birgalikda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya holati nomaqbul bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini shakllantiradi hamda ushbu ro‘yxat doimiy yangilanib borilishini ta'minlaydi.

Qayd etilishicha, mazkur tartib chetdan keltiriladigan mahsulotlarni xavfsizlik va gigiyenik ko‘rsatkichlari bo‘yicha muvofiqlikni baholash qoidalarini belgilaydi.

Mahsulotlarning har bir turi bo‘yicha muvofiqlikni baholash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladigan muvofiqlikni baholashning tegishli qoidalari bilan belgilanadi. Mahsulot xavfsizlik va gigiyenik ko‘rsatkichlari bo‘yicha majburiy tavsiflar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanadi.

Mazkur tartibning amal qilishi majburiy sanitariya-epidemiologik xulosalarni  rasmiylashtirishga tatbiq etiladi.

Muvofiqlikni baholashni amalga oshirish qoidaga ko‘ra, laboratoriya majmualari milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiyadan o‘tgan hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilishini o‘z ichiga oladi.

Mahsulotning muvofiqligini baholash xulosalarini rasmiylashtirish va berish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan vaqtdan boshlab o‘n besh kundan oshmasligi lozim.

Respublika aholisini o‘ta xavfli va yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish, insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarni kirib kelishi, tarqalishini oldini olish, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha noxush epidemik davlatlar statistik ma'lumotini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘ta xavfli va  yuqumli kasalliklar olib kirilishidan muhofaza qilish, aholining sanitariya epidemiologik osoyishtaligini, davlat sanitariya-epidemiologik xizmati nazorati ostidagi oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta'minlash, mamlakatimiz hududiga chetdan o‘ta xavfli va  yuqumli kasalliklari kirib kelishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi taklifiga asosan Respublika epidemiyaga qarshi kurash favqulotda komissiyasining yig‘ilish bayoni qaroriga asosan sanitariya-epidemiologik nosog‘lom davlatlardan davlat sanitariya-epidemiologik xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirilishiga nisbatan vaqtincha cheklov qo‘yiladi.