Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘qayev lavozimini bo‘shatadigan bo‘ldi: Qozog‘istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi
Mart oyi oxirida Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e'lon qildi. Ma'lum qilinishicha, Qozog‘iston prezidentligi saylovlari, kutilganidek keyingi yilda emas, joriy yilning 9 iyunida bo‘lib o‘tadi.
Qozog‘iston Konstitutsiyasiga ko‘ra, navbatdan tashqari saylovlar u e'lon qilinganidan 2 oy muddat o‘tgach bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa, saylovlar 2019 yilning 9 iyunida o‘tkaziladi.
«Men 2019 yilning 9 iyunida muddatidan ilgari saylovlar o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qildim», degan u fuqarolarga telemurojaatida.
U bu masalada elbasi - «millat yetakchisi» Nursulton Nazarboyev bilan maslahatlashganini qayd etib o‘tgan.
To‘qayev o‘z murojaatida saylovlarda ishtirok etishi masalasiga oydinlik kiritmagan.
19 mart kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti, 29 yil davomida mamlakatni boshqargan Nursulton Nazarboyev muddatidan avval iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Uning vakolati qonunchilikka ko‘ra parlament spikeri bo‘lgan Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tgandi.
To‘qayev saylovlarga qadar mamlakatni boshqarishi - oxirgi saylovda saylangan prezidentning vakolati muddatini oxirigacha, ya'ni 2020 yilning apreliga qadar o‘tashi kerak edi. Ammo endi u o‘z lavozimini saylangan prezidentga qoldiradi.
To‘qayevning inauguratsiyasidan keyin Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyeva parlament spikeri etib saylangan.
Nursulton Nazarboyev esa Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbari va «Nur O‘tan» partiyasi rahbari lavozimlarini saqlab qoldi, u shuningdek, mamlakat konstitutsion kengashi a'zosi hisoblanadi. Ekspertlar fikricha, buning evaziga Nursulton Nazarboyev mamlakatni boshqarishda davom etadi.
To‘qayev prezidentlik lavozimga kirishganidan keyin mamlakat poytaxti Ostonani birinchi prezident sharafiga Nursulton deb o‘zgartirdi.
Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan buyon 5 marta prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan - 1991 yilda, 1999 yilda, 2005 yilda, 2011 va 2015 yillarda. Bu saylovlarning aksari muddatidan ilgari saylovlar bo‘lib, ularning barchasida Nazarboyev katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan.
Mavzuga oid
20:56 / 12.06.2026
Qozog‘istondagi ikki prezidentparast partiya saylov oldidan birlashdi
20:11 / 01.06.2026
Qozog‘istonda yangi «hokimiyat partiyasi» - «Adolat» rasman ro‘yxatga olindi
20:25 / 29.05.2026
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolandi
21:18 / 19.05.2026