Sport | 16:39 / 10.04.2019
13299
2 daqiqa o‘qiladi

O‘yin vaqtida maydon markazigacha chiqib borgan No‘'mon Hasanovga diskvalifikatsiya va jarima qo‘llandi

Foto: Tribuna.uz

«Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi No‘'mon Hasanov 7 aprel kuni Superliga 3-turi doirasida Olmaliqda kechgan OKMKga qarshi o‘yin (1:7) vaqtidagi xatti-harakatlari uchun PFL Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan jazolandi.

«Uchrashuv davomida qo‘qonliklar ustozi hakam qarorlariga keskin e'tiroz va norozilik bildirgan. Jumladan, uchrashuvning 74-daqiqasida «Qo‘qon-1912» darvozasiga belgilangan penaltidan keyin, texnik zonani tark etgan va uchrashuv bosh hakamiga keskin ravishda e'tiroz bildirgan. Ushbu vaziyat uchrashuv nazoratchisi va komissari raportida, shuningdek, uchrashuv videoyozuvida aks etgan», – deyiladi PFL rasmiy bildirishida.

Ma'lum qilinishicha, yuqoridagi harakatlari sabab reglamentning 5.57 bandiga asosan No‘'mon Hasanovga nisbatan intizomiy chora qo‘llandi. Unga ko‘ra, bosh murabbiy Tartib-intizom kodeksi 5.06 hamda 5.18 moddalariga binoan 1ta uchrashuvga chetlatildi hamda 10 mln so‘m jarimaga tortildi.

PFL, shuningdek, bunday vaziyat yana takrorlansa, klub va murabbiyga nisbatan qattiqroq chora ko‘rishi mumkinligi haqida ikkala tomonni ham qattiq ogohlantirgan.

Mavzuga oid