Amerikada go‘shsiz fastfud yaratish yo‘lidagi izlanishlar samarasi amalga tatbiq etildi – 1 apreldan boshlab «Burger King»ning AQShdagi 59ta tamaddixonasida tarkibida go‘sht mutlaqo mavjud bo‘lmagan kotletli burgerlar menyuga kiritildi. 2 aprelda esa «Nestle» to‘laligicha o‘simlik mahsulotlardan tarkib topgan burgerlarni Yevropa va AQSh bozorlariga chiqarishini e'lon qildi.
Go‘shsiz burgerning ilk xaridorlaridan ba'zilari dastlab buni 1 aprel hazili, deb o‘yladilar. Chunki go‘shsiz va go‘shtli burgerlarni bir-biridan ajratish juda mushkul. Ularning ko‘rinishi va mazasi bir xil, yagona farqi – birinchisining ichiga mol go‘shtidan tayyorlangan kotlet solingan, ikkinchisi esa yuz foiz o‘simlik tarkibga ega.

Go‘shsiz burgerning afzalligi nimada?
«Burger King»ning «Impossible Whopper» nomli yangi turdagi fastfudi uchun go‘shsiz kotletlarni «Impossible Foods» kompaniyasi yetkazib beradi. Ushbu kompaniya go‘sht va sut mahsulotlarining o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat ishlanmalarini yaratishga ixtisoslashgan. 2011 yildan faoliyat boshlagan tashkilot go‘sht va sutning ham mazasi, ham ozuqaviy xususiyatlarini o‘zida saqlovchi muqobil mahsulotlar tayyorlab, do‘kon va restoranlarga yetkazib beradi.
«Impossible Foods» o‘z faoliyati orqali chorvachilik sanoatining atrof-muhitga yetkazadigan zarari ko‘lamini kamaytirish, aniqrog‘i global isishning oldini olishni maqsad qilgan. Qanday qilib deysizmi?

Tadqiqotlarga ko‘ra, bitta sigir yiliga o‘rtacha 70-120 kg metan gazi hosil qiladi. Metan esa, xuddi karbonat angidrid (CO2) kabi, issiqxona effektini keltirib chiqaruvchi gaz hisoblanadi. Lekin ularni solishtirganda, metanning iqlimga salbiy ta'siri karbonat angidriddan 23 martaga ko‘proqdir. Bundan kelib chiqadiki, bir bosh sigir bir yilda atmosferaga chiqargan 100 kg metan gazi 2300 kg karbonat angidridga ekvivalent bo‘ladi.









