Jahon | 16:00 / 12.04.2019
10979
2 daqiqa o‘qiladi

Xakerlar guruhi Britaniya hukumatidan Assanjni qo‘yib yuborishni talab qilishdi

Foto: REUTERS/Peter Nicholls

Anonymous xalqaro xakerlar guruhi Londonda WikiLeaks asoschisi Julian Assanjning qo‘lga olinishi munosabati bilan Buyuk Britaniya hukumatiga murojaat qildi. Murojaat guruh saytida joylashtirildi.

"Assanjni qo‘yib yuboring yoki buning uchun javob berasiz!"- deyiladi Anonymous bayonotida.

Xakerlarning ta'kidlashicha, Assanjning qo‘lga olinishi hamda WikiLeaks xodimlarining ta'qib qilinishi Birlashgan Qirollik hukumati "o‘z sirlarini saqlab qolish uchun hech narsadan qaytmasligidan" dalolat beradi. Bundan tashqari, Assanj, "davlat dushmani hisoblanadi, chunki u so‘llarning ham, o‘nglarning ham jinoyatlarini fosh qilgan".

Assanj 2006 yilda WikiLeaks portaliga asos solgan, unda qator hukumatlar, jumladan AQSh faoliyatiga oid maxfiy ma'lumotlar chop etilgan. 2012 yilda Shvetsiyada unga nisbatan ayblov e'lon qilinganidan so‘ng u Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana so‘ragan va yetti yil davomida o‘sha yerda yashab keldi. Payshanba kuni Ekvador unga boshpana berishni rad etdi va London politsiyasi uni hibsga oldi.

Mavzuga oid