Bugun, 18 aprel kuni Superligada 5-tur o‘yinlari boshlanadi. Bu turda muxlislar ko‘plab qiziqarli o‘yinlarga guvoh bo‘lishadi. «Paxtakor» o‘z maydonida Samarqandning «Dinamo» klubini qabul qiladi. Amaldagi chempion «Lokomotiv» Buxoroga safar qiladi. Andijonda yangi stadion ochilishida «Nasaf» mehmon bo‘ladi.
18 aprel (payshanba)
«ANDIJON» – «NASAF»
Boshlanish vaqti: 18 aprel, 17:00.
Stadion: Andijon, «Sog‘lom avlod» stadioni.
«Andijon» nihoyat o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaydi. Bugun Andijonda maydoni yangilangan stadionning o‘ziga xos ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Oldingi turlarda mag‘lub bo‘lgan «Andijon» o‘z maydonida muxlislarini xursand qilish uchun jiddiy raqib - «Nasaf»ni mag‘lub etishi talab etiladi. «Andijon» o‘tgan turda «Bunyodkor»ga qarshi yomon o‘ynamadi, o‘yin oxirida ustunlikka ham ega bo‘ldi va bu jamoa muxlislariga keyingi uchrashuvlar oldidan umid bag‘ishlashi mumkin.
«Nasaf» o‘tgan turda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi kutilmaganda o‘z maydonida «Navbahor»ga imkoniyatni boy berdi. «Paxtakor» bilan mazmunli o‘yindan so‘ng qarshiliklar keyingi bahslarda yaxshiroq o‘ynashi kutilgandi, biroq bunday bo‘lmadi. «Nasaf» Qarshidagi mag‘lubiyat tasodif bo‘lganini boshqa bir vodiy klubini mag‘lub etish orqali isbotlashga urinib ko‘radi.
«PAXTAKOR» – «DINAMO»
O‘yin vaqti: 18 aprel, 18:15.
Stadion: Toshkent, «Paxtakor» stadioni.
Shota Arveladze O‘zbekistonga kelganidan so‘ng mag‘lub eta olmagan kam sonli jamoalaridan biri «Dinamo» hisoblanadi. 2017 yil «Paxtakor» Samarqandga safar qilib, 0:0 o‘ynaganida Shota Arveladze toshkentliklar jamoasi boshqaruvida ilk marta samarqandliklarga qarshi o‘ynagandi. O‘sha mavsumda «Paxtakor» ikki o‘yinda ham «Dinamo» darvozasiga gol ura olmagandi.
Mavsumni juda omadli boshlagan «Dinamo» 2017 yilda «Paxtakor»ni safarda 1:0 hisobida mag‘lub etgani yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda samarqandliklar safida o‘ynagan moldaviyalik Radu Rogak o‘yindagi yagona golga mualliflik qilgandi. Biroq «Paxtakor»dan 4 ochko olgan «Dinamo» yuqori divizionda qolish uchun yetarli ochko to‘plaganiga qaramay, PFLning «qisqartirish operatsiyasi» sabab quyi ligaga tushirib yuborilgandi.
Bugun xuddi shunday tushunarziz tarzda yuqori divizionga qaytgan «Dinamo» Davron Fayziyev murabbiyligida ikki o‘yindan iborat g‘alabali seriya bilan Toshkentga safar qilgan. Bu o‘yinda «Paxtakor»ning imkoniyatlari ancha yuqori, Arveladze shogirdlari o‘tgan turda Termizda qayd etilgan durang tasodif ekanini isbotlash uchun ham ikki hissa yaxshiroq o‘ynashadi.


















