Yakshanba tongida, butun dunyodagi katoliklar Pasxa bayramini nishonlashayotgan vaqtda Shri-Lankadagi mehmonxonalar va katolik cherkovlarida davomli portlashlar sodir etildi. Quyida hozirgacha bu voqea bo‘yicha nimalar ma'lumligi eslab o‘tiladi.
Barchasi qanday sodir bo‘ldi?

Dastlabki 6 portlash bir vaqtda sodir etildi. Teraktlar Koxchaykade, Battikaloa va Nekombo shaharlaridagi cherkovlarda, shuningdek poytaxt Kolombodagi «Shangri-La», «Sinnamon Grand» va «Kingsberi» nomli elita mehmonxonalarda ro‘y berdi. Avvaliga bir necha o‘n kishi halok bo‘lgani aytildi.
Ikki soat o‘tib Kolomboda yettinchi portlash sodir etildi - hayvonot bog‘i yaqinidagi kichik mehmonxonadagi portlash tufayli ikki nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Ko‘p o‘tmasdan sakkizinchi portlash Kolombo yaqinidagi Dematagoda shaharchasida xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirildi va bu terakt yana uch nafar politsiyachining umriga zomin bo‘ldi.

Qurbonlar

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar qurbonlari soni 215 nafarga yetgan, yana 450 nafardan ortiq kishi jarohatlangan.
Shu bilan birgalikda, bu raqamlar yakuniysi emas, yuzlab kishilar og‘ir ahvolda shifoxonalarga yotqizilgan va qurbonlar soni vaqt o‘tib ortishi mumkin.
Mahalliy hukumatning rasmiy xabarlariga ko‘ra, qurbonlarning 27 nafari xorijiy fuqarolardir. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSh, Turkiya, Portugaliya, Hindiston va Niderlandiya fuqarolari bor. Xitoydagi nashrlarda esa bu teraktlar oqibatida XXR fuqarolari ham halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.
Ayni vaqtda Shri-Lankada komendantlik soati joriy etilgan - hozircha qachongachaligi ma'lum qilinmagan. Shuningdek, mamlakatda yirik ijtimoiy tarmoqlar va internet-messenjerlar vaqtinchalikka bloklangan.
Mamlakatdagi barcha maktablar va universitetlar yopilgan.




















