O‘zbekiston | 11:11 / 26.04.2019
2903
3 daqiqa o‘qiladi

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish tartibi tasdiqlandi

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 20.04.2019 yildagi 342-son qarori bilan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni nazarda tutadigan Prezidentning 9.01.2019 yildagi PF-5618-son Farmonida ushbu nizomni ishlab chiqish haqida topshiriq berilgan.
 
Monitoring qilish va baholashni o‘tkazish Adliya vazirligi va uning hududiy organlariga yuklatildi. Asosiy maqsad – huquqiy targ‘ibot tadbirlarining samaradorligini oshirish, bu borada davlat organlari va tashkilotlarning mas'uliyatini kuchaytirish hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish bo‘yicha yangi innovatsion uslublarni joriy qilish va amalda tatbiq etishdan iborat.
 
Monitoring qilish va baholashda quyidagilarning bajarilishi holati tahlil qilinadi:

• Prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dasturlar, “yo‘l xaritalari”;
• normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi va ijrochilarga tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari;
• davlat organlari va tashkilotlar tomonidan o‘zining soha faoliyatiga tegishli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni targ‘ib qilish yuzasidan tasdiqlangan targ‘ibot rejalari.
 
Monitoring qilish har yili ikki marotaba (may va oktabr oylarida), mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan huquqiy targ‘ibot bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida tegishli ma'lumotlarni so‘rab olish orqali amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda joyiga borib o‘rganiladi.
 
Olingan ma'lumotlar tahlil qilinadi, o‘tkazilgan tadbirlar samaradorligi esa hujjat bilan tasdiqlangan maxsus baholash tizimi indikatorlariga muvofiq baholanadi.
 
Baholash natijalariga ko‘ra salbiy yoki past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlar mas'uliyatini oshirish hamda ularga huquqiy targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etishda ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘riladi.  Davlat organi tomonidan noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etilganligi aniqlangan taqdirda uning rahbari ogohlantiriladi.
 
Hujjat 22.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid