Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQSh qurolli kuchlarining Yaqin Sharqda joylashgan kuchlari terrorchilik tuzilmalari deb e'lon qilinishi haqidagi qonunni imzoladi.     

Qonunda “AQShning Yaqin Sharqdagi barcha kuchlari terrorchilik tuzilmalari, AQSh esa terrorchilik homiysi hisoblanishi” ko‘rsatilgan. 

Ruhoniy ushbu qonunni Eron parlamenti tomonidan tasdiqlangandan bir hafta keyin imzoladi. Eron prezidenti kuch idoralari, razvedka tuzilmalari hamda tashqi ishlar vazirligiga yangi qonunning so‘zsiz bajarilishi uchun choralar qabul qilish topshirig‘ini bergan.   

AQSh prezidenti Donald Tramp 8 aprelda Eronning Islom inqilobi soqchilari korpusini xorijiy terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritish qarorini qabul qilgandi. Bunga javoban Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi AQSh qurolli kuchlarini terrorchilik tashkilotlari qatoriga kiritgan.