Vladimir Zelenskiyning rafiqasi, yaqin bir oy ichida Ukrainaning birinchi xonimiga aylanadigan Yelena Zelenskaya 2013 yilda biznes-magnat Aleksandr Buryakka tegishli shohona xonadonni yarim narxidan ham arzonroqqa sotib olgan. Vaholanki, Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘zini Ukraina biznes va siyosat olamining badavlat elitasi bilan aloqalarga ega bo‘lmagan mustaqil shaxs sifatida ko‘rsatgandi, deb yozadi Reuters.

Bo‘lajak prezident saylovlar arafasida topshirgan daromad va mol-mulk deklaratsiyasida ko‘rsatilishicha, uning rafiqasi Yelena 2013 yil aprel oyida – Rossiya Qrimni anneksiya qilishidan bir yil oldin – Yaltadagi «Emperor» majmuasidan uch xonali pentxausni 163,893 dollarga sotib olgan, bunda xonadonning bir kvadrat metr maydoni taxminan 1,263 dollardan tushgan.

Foto: REUTERS/David Axelrod

Biroq Ukrainaning ko‘chmas mulk bozoriga oid domik.ua saytida 2012 yilda chop etilgan ro‘yxatda «Emperor» turar-joy majmuasidagi apartamentlar narxi bir kvadrat metr uchun 3,500-4,000 dollar orasida ko‘rsatilgan. Yoki boshqa bir resurs – indoor-estate.ru saytiga 2012 yilda joylashtirilgan ro‘yxatda ushbu kompleksdagi xonadonlarning eng past narxi metr-kvadratiga 2,800 dollardan to‘g‘ri kelishi qayd etilgan.

Qrimdagi ko‘chmas mulk agentlaridan birining tasdiqlashicha, «Emperor»ga o‘xshash turar-joy majmualaridagi apartamentlar 2013 yilda bir kvadrat metri uchun 2,500-3,000 dollardan hisoblab sotilgan, alohida hollarda esa bu narx 5,000 dollarga ham yetishi mumkin bo‘lgan.

Foto: REUTERS/David Axelrod

Qora dengiz sohilidagi xonadon Yelena Zelenskayaga nima uchun bozor narxiga qaraganda ikki barobardan ham pastroq narxda sotilgani noma'lum. Reuters bunga izoh olish uchun bo‘lajak prezident va uning rafiqasiga so‘rov yuborgan, ammo bu so‘rovlar Zelenskiyning shtabi va u egalik qiladigan kompaniyalar tomonidan javobsiz qoldirilgan.

Agentlik, shuningdek, oligarx Aleksandr Buryak bilan ham bog‘langan. Ko‘chmas mulk hujjatlariga ko‘ra, Zelenskaya apartamentni aynan ushbu biznesmendan xarid qilgan. Buryak Reuters bilan telefon orqali suhbatida 6 yil oldingi uy oldi-sotdisi masalasida izoh berishdan bosh tortgan, yozma murojaatlarga esa javob qaytarmagan.