O‘zbekiston | 15:44 / 02.05.2019
4065
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ishbilarmon va tadbirkorlar xalqaro biznes forumida muhim kelishuvlarga erishildi

Navoiy viloyatida 30 aprel-1 may kunlari “Invest in Navoi” II xalqaro biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi forumda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarining 250 nafardan ortiq ishbilarmonlari, salohiyatli investorlari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi muxtor elchilari va diplomatlari ishtirok etdi.

Biznes forumning birinchi kunida forum ishtirokchilari seksiyalarga bo‘lingan holda Navoiy viloyatining investitsiya, eksport, sayyohlik va logistika salohiyati bilan tanishdi.

“Bizning investorlar asosan Yevropa mamlakatlari bilan yaqin iqtisodiy hamkorlik qilib keladi. O‘zbekistonda ham biznes qilish uchun imkoniyatlar juda yuqori. Bangladeshda asosan tekstil va yengil sanoat sohasi juda yaxshi rivojlangan. Forum doirasidagi uchrashuvlarda bizga Navoiyda ham aynan shu yo‘nalishdagi korxonalar, ya'ni “Baxt-Navoiy”, “Navbahor tekstil” va “Toshrabot tekstil” kabi korxonalar faoliyat yuritayotganini aytishdi. Biz albatta bu yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantiramiz”, – deydi forumda ishtirok etgan Bangladesh elchisi yordamchisi Nripendra Chandra Debnath.

“Navoiyga birinchi marta kelgan bo‘lsam-da, uning sanoat salohiyati, investitsiya va ishbilarmonlik muhiti haqida ko‘p eshitganman. Bugungi forum davomida bu borada batafsil ma'lumotlarga ega bo‘ldim. Iqtisodiy hamkorlik uchun barcha sharoitlar bor. Kelgusida mamlakatimiz tadbirkorlarini Navoiyga jalb qilib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz”, – deydi Jazoirning favqulodda va muxtor elchisi Busherit Naser. 

Xalqaro biznes forumda uchrashuvlar va muhokamalar davomida qator muhim iqtisodiy kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida ishtirokchilar viloyatning turistik salohiyati bilan tanishish maqsadida Nurota tumanidagi “Chashma” me'moriy majmuasi hamda “Sarmishsoy” muzey qo‘riqxonasiga sayohat qildi.

O‘zbekiston prezidentining viloyatga mart oyidagi tashrifi chog‘ida tadbirkorlar uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida Navoiy viloyatiga erkin iqtisodiy hudud maqomi berildi, Nurota tumanidagi “G‘azg‘on” qishlog‘ini shaharchaga aylantirish tashabbusi ilgari surildi. 

Ayni paytda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida xorijiy investorlar bilan qiymati 144 mln. dollar bo‘lgan 21 ta loyiha ustida ish olib borilyapti.

“Navoiy” xalqaro aeroporti orqali Yevropa va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yo‘nalishlarda yiliga 300 ming tonna yukni qabul qilish va jo‘natish imkonini beradigan quruqlikdagi port yaratilmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid