Londonning «Arsenal» va «Chelsi» klublari Yevropa Ligasining yarimfinali doirasidagi ilk uchrashuvlarda kerakli natijalarga erishishdi. Katta ehtimol bilan 29 may kuni ushbu ikki jamoa Ozarboyjon poytaxtida bir-biriga qarshi maydonga tushadi.
Yevropa Ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Arsenal» (Angliya) - «Valensiya» (Ispaniya) - 3:1 (2:1)
Gollar: Diakabi, 11 (0:1). Lyakazett, 18 (1:1). Lyakazett, 26 (2:1). Obameyang, 90+1 (3:1).
«Arsenal» (Angliya): Chex, Papastatopulos, Mustafi, Koselni (Monreal, 82), Kolashinats, O‘zil (Mxitaryan, 75), Chaka, Meytland-Nayls, Genduzi (Torreyra, 58), Lyakazett, Obameyang.
«Valensiya»: Netu, Garay, Ronkalya, Pichchini, Xose Gayya, Gabriel Paulista, Diakabi, Parexo, Soler (Vass, 71), Rodrigo (Mina, 88), Gonsalu Gedesh (Gameyro, 71).
Ogohlantirishlar: Diakabi, 31. Parexo, 71.
Hakam: Tyurpen (Fransiya).
2 may. London. «Emireyts» stadioni.
Javob o‘yini – 9 may

Oxirgi imkon
Yevropa Ligasi «Arsenal» uchun ham, «Valensiya» uchun ham joriy mavsumda sovrin uchun yagona imkoniyat edi. Qolaversa, bu turnirda g‘olib chiqqan jamoa YeChLga yo‘llanma oladi va ayni vaqtda ikki jamoa ham o‘z chempionatlarida kuchli to‘rtlikdan tashqarida qolmoqda. Ularning «Emireyts»dagi birinchi o‘yini ko‘p narsani hal qilardi - o‘rtaga turnir finali yo‘llanmasi tikilgandi, garchi hali javob o‘yini bo‘lsa-da ko‘p narsa shu oqshomda hal bo‘lishi kutilayotgandi.
O‘yinning 10-daqiqasidayoq mehmonlar burchak zarbasidan keyin xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi va Rodrigoning uzatgan to‘pini darvoza chizig‘i oldida turgan Diakabi boshi bilan to‘rga joyladi.
Ammo «Arsenal» tezda javob qaytardi, o‘tkazib yuborilgan goldan 7 daqiqa o‘tiboq Lyakeztt va Obameyang qarshi hujumda a'lo darajada harakatlanishdi va fransiyalik hujumchi bo‘sh darvozani osonlik bilan ishg‘ol etdi.


















