16:10 / 05.05.2019
12430

«Persepolis» bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogida O‘zbekistondan yaxshiroq natija kutgandim...»

Foto: Tribuna.Uz

Ertaga, 6 may kuni Toshkentda OChL 5-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» - «Persepolis» o‘yini o‘tkaziladi. «Paxtakor» stadioni anjumanlar zalida har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan eronliklar murabbiyi Branko Ivankovich o‘zbek futboli haqida iliq fikrlar bildirdi.

«Biz OChLdagi eng kuchli guruhlardan birida qatnashyapmiz. «Paxtakor» bizga qarshi birinchi o‘yinda qanday kuchli ekanini ko‘rsatdi. Hozirda yetakchilik qilayotgan «As Sadd» o‘z chempionatida g‘olib bo‘lishga ulgurdi, «Al Ahli» ham Saudiyaning eng kuchli klublaridan biri. «Paxtakor»ga qarshi o‘yin oson kechmaydi. Bu jamoada ko‘plab milliy jamoa futbolchilari yig‘ilgan va o‘z chempionatida birinchi bo‘lib turibdi. Murabbiy «Paxtakor»ni tartibli, kuchli o‘yin ko‘rsatadigan jamoaga aylantira olgan.

Ertangi o‘yin biz uchun juda muhim, hozir hammada imkoniyat bor: bizda ham, «As Sadd» va «Paxtakor»da ham. Raqibimizning o‘yinlarini, ayniqsa «As Sadd»ga qarshi ikki o‘yinini yaxshi o‘rgandik. Bizning tarkibimizda yo‘qotishlar bor. Bir futbolchimiz diskvalifikatsiyaga uchragan, yana biri o‘zini yomon his qilmoqda. Umuman olganda, Toshkentda bo‘lib turganimdan va Chempionlar Ligasida o‘ynayotganimizdan xursandman.

Chempionlar Ligasida oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Ertaga bizga 3 ochko juda muhim, xuddi shunday «Paxtakor»ga ham ochko kerak. Buning ustiga «Paxtakor» stadionida, mezbon jamoa muxlislari qarshisida o‘ynashimiz kerak. Ammo bizda tajribali o‘yinchilar bor, biz OChLning amaldagi finalchisimiz. Yaqinda «Traktorsozi»ga qarshi ham qiyin o‘yinni o‘tkazdik, biz qiyin o‘yinlarda, bosim ostida o‘ynashga odatlanganmiz. Bilasizmi, futbol o‘ynash dunyodagi eng yoqimli ish. Shu uchun har qanday sharoitda futboldan zavqlanish kerak.

«Paxtakor» bizga qarshi birinchi o‘yindagiga qaraganda yaxshiroq o‘ynayapti, chunki o‘sha o‘yindan so‘ng O‘zbekistonda chempionat o‘yinlari boshlandi. «Paxtakor» ayni damda jismoniy jihatdan havas qilarli darajada yaxshi. Ular chempionatda asosiy raqobatchilari «Lokomotiv»ni 3:1 hisobida mag‘lub etishgani ham bejizga emas.

Ertaga hakamlar xato qilishidan qo‘rqmaymanmi? Yo‘q, hakamlar ham odam, ular ham xato qilishi mumkin. «As Sadd» bilan o‘yinda ham hakam bizning zararimizga xato qildi, lekin bu futbol, unda xatolar bo‘lib turadi. Men o‘yindan so‘ng yaxshi narsalarni o‘ylamoqchiman. Qayerda o‘ynashdan qat'i nazar o‘z o‘yinimizni ko‘rsatsak, muammo bo‘lmaydi. Biz xatolarni jamoa ichidan qidiramiz, tashqaridan emas. OChLda yuqori darajadagi hakamlar ishlashiga shubha qilmayman.

Biz qayerda o‘ynashimizga qaramay, g‘alaba qozonishga intilamiz. Ertaga «Paxtakor»dan yaxshiroq bo‘lishga harakat qilamiz. Ha, biz o‘tgan mavsum «Nasaf»ga qarshi ikkita qiyin o‘yin o‘tkazgandik. «Nasaf» hozirda O‘zbekistonning eng kuchli 4 jamoasidan biri bo‘lmasa ham, men ularni yaxshi jamoa deb bilaman. O‘zbek futbolini hurmat qilaman, u haqda ko‘p gapirishim mumkin. Hozir «Paxtakor»da yaxshi jamoa shakllangan, tajribali va yosh futbolchilarning uyg‘unligi ham o‘z joyida. To‘g‘risi, Osiyo Kubogida O‘zbekistondan yaxshiroq natija kutgandim»,- deb murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Top