Seshanba oqshomida «Enfild»da Chempionlar ligasi yarimfinali doirasida birinchi javob uchrashuvi o‘tkaziladi. «Liverpul» «Barselona»ga qarshi o‘yinda 3ta to‘p farqini yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
Liverpul – Barselona
7 may. Liverpul. «Enfild» stadioni. 00.00.
Hakam: Juneyt Chaqir (Turkiya).
Birinchi o‘yin – 0:3.

«Turnirni mag‘rur tark etish»
Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Yurgen Kloppning ishlari chatoq. Barselonadagi birinchi o‘yinda 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lingach ham jamoa muxlislari umidni so‘ndirishmagandi, ammo so‘nggi hafta ichida «Liverpul» jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Shanba kuni premer-liga doirasida «Nyukasl»ga qarshi kechgan o‘yinda mersisaydliklarning asosiy futbolchilaridan biri Muhammad Saloh raqib darvozaboni Dubravka bilan to‘qnashib ketdi. Boshidan jarohat olgan misrlik futbolchi o‘yinni davom ettira olmadi - uni maydondan zambilda olib ketishdi.

Yakshanba kuni britan nashrlari Saloh «Barselona»ga qarshi o‘yinga tayyor bo‘lish-bo‘lmasligi haqidagi xabarlar bilan to‘ldirildi. Dushanba kuni tashxis qo‘yildi - bosh miya chayqalishi. 

Dushanba oqshomida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yurgen Klopp mersisaydlik muxlislar uchun yoqimsiz xabarni e'lon qildi - Saloh ham, Firmino ham «Barselona»ga qarshi javob uchrashuvini o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lgandi: «Asosiy hujumchilarimizdan ikki nafari bu o‘yinda jamoaga yordam bera olmaydi. Bu o‘yinda esa «Liverpul» raqibga 4ta gol urishi kerak. Bu oson bo‘lmasligi aniq, ammo biz harakat qilamiz. Agar buni uddalay olmasak ham, turnirni chiroyli tarzda tark etishga urinib ko‘ramiz».

Messi uchun 10 haykal
Saloh uchun tarix takrorlanmoqda. Bir yil muqaddam «Liverpul» uningsiz Ispaniyaning boshqa bir grandi «Real»ni mag‘lub etolmagandi. O‘shanda final o‘yini boshida misrlik futbolchi raqib himoyachisi Serxio Ramos bilan to‘qnashuv oqibatida yelkasidan jarohat olib, maydonni barvaqt tark etishga majbur bo‘lgandi. Hozir ham shunga yaqinroq vaziyat. «Kamp Nou»dagi birinchi o‘yin oxirida Saloh javob goli urish imkoniyatini yo‘qqa chiqargandi - uning bo‘sh darvoza tomon yo‘llagan zarbasi ustundan qaytgandi. Agar o‘shanda hisob 3:1 ko‘rinishiga keltirilganida, Liverpulda mezbonlar optimistik kayfiyatda o‘yinni boshlashlari mumkin bo‘lardi. Lekin Saloh va Firminosiz qolgan mersisaydliklar kerakli hisobdagi g‘alabaga umid qila oladilarmi?