"Davlat boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish" O‘zbekiston-BAA hukumatlararo dasturi ishchi guruhlarining ikkinchi yig‘ilishi doirasida Amirliklarning shu yo‘nalishdagi uch loyihasi o‘rganildi: "Zona 2071", "Davlat akseleratorlari" va "Xizmatlar 1".
Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar asosida yo‘lga qo‘yilgan tashabbus O‘zbekiston va Amirliklar davlat institutlari hamkorligini yanada mustahkamlash, BAAning davlat boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir tajribasini o‘rganishga va uni O‘zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda moslashtirishga yo‘naltirilgan.

Yig‘ilishni BAAning hukumat va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha vaziri Muhammad Al-Gergaviy va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochishdi. Al-Gergaviy BAA Bosh vaziri va Dubay amirligi hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al-Maktum nomidan O‘zbekiston Prezidenti va butun o‘zbek xalqini kirib kelgan Ramazon oyi bilan tabrikladi.


Rasmiy qism tugashi bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha 16 ishchi guruhda ishlar davom etdi: hukumat aksseleratori, milliy strategiya, soliq tizimi, biznes doirani takomillashtirish va boshqalar.
Hamkorlik doirasida ikki tomon hukumat faoliyatini rivojlantirishga doir tajribalari, bilimlari va modellari bilan bo‘lishdi, shuningdek davlat boshqaruvi va intellektual davlat xizmatlari, institutsional samaradorlik, innovatsiyalar hamda yetakchilik va salohiyatni oshirishda BAAning yetakchi tajribasini qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Shu kuni ishchi guruhlar uchun "Zona 2071", "Davlat akseleratorlari" va "Xizmatlar 1" loyihalari faoliyati bilan qisqacha tanishishga mo‘ljallangan tur tashkil etildi.


















