O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand shahrida «Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti» Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasining filialini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018–2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda «Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti» federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasining Samarqand shahrida oliy ta'lim muassasasining filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Filial faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • oliy ta'lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlashni ta'minlash;
  • jismoniy tarbiya va sport sohasida talabalarning chuqurlashtirilgan mustaqil tayyorgarligini hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni uyg‘unlashtirish;
  • oliy ta'lim tizimiga zamonaviy ta'lim texnologiyalariga asoslangan o‘quv jarayonlarini joriy qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-ta'lim muhitini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarning o‘zaro bog‘liqligi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik asosida jismoniy tarbiya va sport sohasi kadrlarining professional tayyorgarligini oshirish;
  • jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;
  • xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Filialda ta'lim Rossiya Federatsiyasi federal ta'lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta'lim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi.