Toshkent botanika bog‘ida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlat rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan alohida salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bog‘da Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi aks ettirilgan. Poyezd va harbiy texnikalar namoyish qilingan.
Ramziy sahnada mashhur o‘zbek generali Sobir Rahimov qo‘mondonligidagi diviziyaning qahramonligi aks ettirildi. Prezident faxriylar bilan birga uni tomosha qildi.



Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda O‘zbekistondan 1 yarim milliondan ortiq odam qatnashgan. Butun xalqimiz tinimsiz mehnat qilib, jang maydonlariga harbiy texnika va qurol-yarog‘, kiyim-kechak, oziq-ovqat yetkazib turgan. Urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, o‘z rizqini baham ko‘rgan.
Xalqimizning fashizm ustidan g‘alaba qozonishga qo‘shgan ulkan hissasi, bag‘rikengligi va mehribonligi hech qachon unutilmaydi.
Bayram tadbirida mamlakatning barcha hududlaridan kelgan urush va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuni hamda G‘alabaning 74 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

































