O‘rta sinf zamonaviy jamiyatning asosi deb hisoblanadi. Ekspertlarning fikricha, aholining aynan mana shu toifasi vakillari o‘zgarishlarga bo‘lgan talabni shakllantiradi hamda siyosiy zo‘rlikni rad etgan holda barqarorlikni kafolatlaydi.
2018 yil oktyabrda Toshkentda «O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yangi modelini shakllantirish sharoitida jamoatchilik ishtirokining rivojlanishi» mavzuidagi tadqiqotning dastlabki natijalari taqdim etildi. Jumladan, ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga kelib, O‘zbekiston aholisining 60%ini o‘rta sinf vakillari tashkil etadi.
Yaqinda Kun.uz sayti «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida so‘rov o‘tkazdi.

«Siz o‘zingizni o‘rta sinfga mansub deb hisoblaysizmi?» degan savolga 1 553 kishi javob berdi. Ularning 67%i o‘zlarini o‘rta sinf, 19% foizi esa bunday emas deb hisoblashlarini ma'lum qildi. Shu bilan birga so‘rovda qatnashganlarning 14%i bu savolga javob berishga qiynalgan, chunki ayrimlar o‘zlarining qaysi sinfga mansub ekanliklarini bilishmaydi.
Umuman olganda, o‘rta sinf haqidagi aniq tushuncha haqida gapirishga hali erta, chunki O‘zbekistonda hali minimal iste'mol savati va yashash minimumi miqdori aniq belgilanmagan.
So‘rovda javob berganlarning 67%i o‘zini o‘rta sinfga mansub deb hisoblar ekan, ularning har biri o‘z qarashi, tushunchasi va o‘lchoviga ega ekanligiga e'tibor qaratish lozim. Kimdir o‘z uyi, mashinasi va 3 mln so‘m oylik maoshi bo‘lgani uchun o‘zini o‘rta sinf vakili deb hisoblaydi. Uyi, mashinasi va 5 mln so‘m oyligi bo‘lgan boshqa bir kishi esa zo‘rg‘a yashayotganini aytishi mumkin. Bundan tashqari, 500 ming so‘m pensiya oladigan va Rossiyadan o‘g‘illari har oyda jo‘natadigan 1,5 ming dollarga yashayotgan kishi ham o‘zini o‘rta sinf vakili deb atashi mumkin.
Umuman, O‘zbekiston aholisi o‘zining qaysi sinfga mansub ekanligini o‘zi belgilamoqda.
«O‘zbekistonliklar oyiga o‘rtacha qancha maosh olishlari kerak?» degan savolga 106 kishi javob qaytargan. Ularning 38%i o‘zbekistonliklar oyiga o‘rtacha 5-6 mln so‘m olishi kerak deb hisoblaydi. 26% kishi oyiga 3-4 mln so‘m yetarli deb hisoblaydi. So‘rovda qatnashganlarning 14%i o‘zbekistonliklar o‘rtacha 7-8 mln, 10%i - 9-10 mln, 10%i - 10 mln so‘mdan ko‘proq olishi kerak deb hisoblaydi. Atigi 2% odam o‘zbekistonliklar oyiga o‘rtacha 1-2 mln so‘m olishi kerak deb javob qaytargan.

















