Angliya premer-ligasida qizg‘in davom etgan chempionlik poygasi yakuniga yetdi - «Manchester Siti» bir ochkolik farq bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.

Bunday poyga 2012 yilda ham kuzatilgandi. Mavsumning oxirgi qismida asosiy ikki yetakchi - «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» boshqa raqobatchilardan ancha oldinga o‘zib ketishgan va chempionlik masalasi oxirgi turda hal bo‘lgandi. O‘shanda ham «shaharliklar» ustunlikka erishishgan: ulardan «KPR»ni yengish va «MYu» «Sanderlend»ni juda katta farq bilan mag‘lub etib, to‘plar nisbatiga ko‘ra oldinga chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘lmasligiga umid qilish talab etilardi.

Qiziq tomoni, o‘shanda «KPR» ham «Brayton» bilan bir xil o‘rinda - 17-o‘rinda bo‘lgan jamoaga ligani tark etish xavf solib turgandi. «Brayton» esa 37-turda «Kardiff» «Kristal Pelas»ga mag‘lub bo‘lib chempionshipga tushib ketgach, oxirgi tur arafasida ligada qolishi aniq bo‘lgandi. 

«KPR» esa 7 yil oldingi o‘yinda g‘alaba uchun qattiq kurashgan - o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda bir kishi kam holda 2:1 hisobida oldinda borayotgandi. O‘sha o‘yinning oxirgi daqiqalari Angliya futboli tarixiga kirgandi - «Siti» oxirgi daqiqalarda ikkita gol urgan va parallel kechib yakunlangan o‘yindan keyin chempionlikni nishonlashga taraddudlangan «MYu»ni dog‘da qoldirgandi.

O‘yindan avval «Manchester Siti» premer-liganing oxirgi turida qachon oxirgi marta yutqazganini eslab qolishdi. Bu 2013 yilda «Norvich»ga qarshi o‘yin bo‘lgandi va o‘shanda norvichliklarni «Brayton» murabbiyi Kris Hyuton boshqargandi.

Ammo umidlar oqlanmadi. Liverpuldagilar bir bo‘lim davomida umid qilishdi - «Enfild»dagilar bir vaqtning o‘zida smartfonlari orqali Braytondagi voqealarni ham kuzatib borishdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Liverpul» stadionida xushxabar tarqaldi - «Manchester Siti» gol o‘tkazib yuborgandi.

Ammo manchesterliklar tezda hisobni tenglashtirishdi. Durang hisob ham «Livperpul»ni qoniqtirardi - Klopp shogirdlari «Vulverhempton»ga qarshi ishonchli harakat qilishayotgandi. Onlayn turnir jadvalida «Liverpul» 20 daqiqa davomida chempion bo‘lib turdi, ikkinchi bo‘lim boshida esa barcha intrigalar o‘ldi. «Liverpul» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va 97 ochko to‘pladi. Ammo 4:1 hisobida g‘alaba qozongan «Manchester Siti» 98 ochko bilan chempion bo‘ldi.

Qizillar 29 yildan ortiq vaqt davomida kutilayotgan chempionlikni yana keyingi mavsumga qoldirishdi. «Liverpul» supertarkib yig‘gan, jahondagi eng kuchli murabbiylardan birini yollagan, ammo bu hozircha sovrin keltirmayapti. Qizillarda qo‘rqinchli statistika: so‘nggi uch mavsumda «Liverpul» yangi yilga chempion sifatida kirgan va yakunda chempion bo‘lolmagan.