Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida «Hamshira–2019» respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. An'aviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlov Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Respublika Hamshiralar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 nafar hamshira o‘zaro bellashdi.

«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, hamshiralarimizning sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni hayotga tatbiq etishda ularning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yurtimizda olib borilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida hamshiralik ishini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Tibbiy ta'lim tizimi xalqaro talablardan kelib chiqib takomillashtirilyapti.

Bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi va tibbiyot institutlarining «Oliy hamshiralik ishi» bo‘limlarida turli yo‘nalishlar bo‘yicha 5 ming nafarga yaqin oliy ma'lumotli bakalavr xamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Yana bir e'tiborli jihati, 18 nafar oliy ma'lumotli hamshira tibbiyot sohasida falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Oliy ma'lumotli hamshiralar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimi ham tubdan takomillashyapti.

An'anaviy tarzda o‘tayotgan «Hamshira» respublika ko‘rik tanlovining ham o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarning intilishlarini ro‘yobga chiqarishda alohida o‘rni bor. Tanlovning bu yilgi barcha bosqichlari ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

O‘tgan yillardan farqli ravishda bu yil tanlovni o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari yanada takomillashdi. Tanlovda asosiy e'tibor hamshiralarning bilimi, intellektual va kasbiy salohiyatiga qaratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarning tibbiyot bilan birga mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi, faol fuqarolik pozitsiyasi baholashning muhim mezonlaridan etib belgilandi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.