Germaniya hukumati O‘zbekistonga atrof-muhit muhofazasi hamda infratuzilmani rivojlantirishga doir loyihalarni birgalikda ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Prezident Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ham atrof-muhitni muhofaza qilishga oid masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Kun.uz muxbiri Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligining Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilish bo‘limi direktori, doktor Yurgen Kaynxorstning Berlindagi uchrashuv doirasida aytgan so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
"Atrof-muhit va iqlim muhofazasi mavzusida xalqaro aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish juda muhim ahamiyatga ega, albatta. So‘nggi 10 yilda iqlim sharoitlari va atrof-muhit muhofazasi mavzusiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bunday yuqori e'tiborga barchamiz guvohi bo‘layotgan iqlimning sezilarli darajada o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, elektr energiya manbalaridan foydalanish va ularning oqibatlari masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi", - dedi u Berlinda OAV, NNT va davlat idoralari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda.
Yurgen Kaynxorstning so‘zlariga ko‘ra, bugunga kelib Markaziy Osiyo aholisi ham iqlim o‘zgarishi oqibatlarini sezmoqda. Bu eng avvalo misli ko‘rilmagan harorat o‘zgarishi misolida namoyon bo‘lmoqda. Haroratning bunday yuqorilashi qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda fojiaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

"Sizning mintaqangiz o‘z tog‘lari bilan mashhur va siz, ehtimol, tog‘ cho‘qqilaridagi muzliklar hajmining sezilarli darajada qisqarishi va erishini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak. Iqlimning bunday o‘zgarishlarining oldini olish va bu borada qayg‘urish biz va boshqa mamlakatlarning burchiga kiradi. Germaniya tomon buning uchun mas'uliyatni his qilib, bu yo‘lda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma'lum qiladi. Mazkur masalalar yechimini topishga oid takliflar kiritish idoramizning vazifasiga kiradi. Biz imkon qadar ushbu dasturlarni amalga oshirishga yordam beramiz va shu bois ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga e'tibor qaratamiz", - dedi Kaynxorst.
Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, prezident Shtaynmayyer yaqin orada O‘zbekistonga tashrif buyuradi va ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida atrof-muhit muhofazasiga oid masalalar muhokama qilinadi.

















