Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Abdurashid Abduqodirov va Jamshid Pirmatovning yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish bo‘yicha maqolasi Rasul Kusherbayevning telegram-kanalida e'lon qilindi. Quyida u to‘liq holda keltiriladi:

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi №292-sonli qarori bilan yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritilgan edi.

Unga ko‘ra, jumladan, kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Aynan ushbu kiritilgan o‘zgartirish ko‘pchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday o‘zgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi kabi e'tirozli fikrlar bildirilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham saylovchilar tomonidan shu mazmundagi ko‘plab murojaatlar qilinmoqda.

Biz bu o‘rinda yangi hujjatning ishlab chiqilishi va qabul qilinishidan asosiy maqsad haydovchi va piyodalarning xavfsizligini ta'minlashda yuqori natijalarga erishish nazarda tutilganligini e'tirof etamiz. Ammo...

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu masala bo‘yicha quyidagilarni xulosa qilish mumkin. Birinchidan, bizning sharoitimizdagi bunday qarorni qabul qilishda bir qator o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan, O‘zbekistonda yil davomida sutkaning asosiy qismi yorug‘ vaqtga to‘g‘ri kelishi sababli piyodalar va yo‘lovchilarning harakatlanishida inson ko‘zining atrofni to‘liq ilg‘ab olishi uchun quyosh yorug‘ligining yetarli ekanligi.

Ikkinchidan, mamlakatimiz iqlim sharoitini inobatga olsak, yil davomida kunlarning asosiy qismi issiq, yog‘ingarchilik kam, tuman va havo kam bulutli mintaqa ekanligi inobat olinmagan. Masalan, Moldovada bunday tartib faqat qish mavsumida amalga kiritilgan va tartibni buzganlik uchun jarima choralari qo‘llanilmaydi.

Uchinchidan, kunduz kunlari, shu jumladan, yoz faslida haroratning o‘ta yuqori vaqtida ham chiroqlarning yoqib yurilishiga eski rusumdagi avtomobillarning mos holda ishlab chiqarilmaganligi.

Mazkur masalada Yevropa mamlakatlari tajribasiga tayanilsa, ularda bunday tartib 2011 yildan amalga kiritilgan bo‘lib, barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilarga yangi avtomobillar uchun kunduzgi avtomatik yonuvchi chiroqlarni o‘rnatishi shartligi belgilangan. 2011 yilgacha ishlab chiqarilgan, avtomatik chiroqlari yonmaydigan avtomobil egalariga esa majburiy chiroqlarni yoqib yurish tartibi yo‘q.